Hindistonda 11 ming voltli elektr simi poyezd ustiga tushdi

Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatidagi Dakshineshvar temiryo‘l bekatida 11 ming volt kuchlanishli elektr simi mahalliy yo‘lovchi poyezdi ustiga uzilib tushdi. Hodisa oqibatida kuchli uchqunlar paydo bo‘lib, bekatni tutun qoplagan. Bu haqda The Sunday Guardian xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, elektr simi poyezd bilan tutashishi natijasida uning atrofida kuchli uchqunlar va yorug‘ chaqnashlar yuzaga kelgan. Voqea joyidagi tutun va kutilmagan chaqnashlar poyezd ichidagi yo‘lovchilar hamda platformada kutib turgan odamlar orasida sarosima keltirib chiqargan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda elektr uchqunlari bir necha bor chaqnagani, tutun ko‘tarilgani va odamlar xavfsiz joyga chekinishga harakat qilganini ko‘rish mumkin.
Hodisa sababli temiryo‘l qatnovida vaqtinchalik uzilishlar yuzaga kelgan. Mas’ullar elektr ta’minotini uzib, nosozlikni bartaraf etish hamda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rgan.
Dastlabki xabarlarga ko‘ra, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yoki jarohat olganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Ayrim nashrlarda yo‘lovchilarning omon qolishi poyezdning metall korpusi bilan izohlangan. Metall korpus elektr zaryadining tashqi yuza bo‘ylab tarqalishiga imkon berishi mumkin. Biroq bu holat poyezd ichidagilar har qanday vaziyatda xavfsiz bo‘ladi, degani emas.
Mutaxassislar bunday holatlarda yuqori kuchlanishli elektr simiga yaqinlashmaslik, poyezdning tashqi qismlariga tegmaslik va elektr ta’minoti uzilgani mas’ullar tomonidan tasdiqlanmaguncha vagondan tushishga urinmaslik kerakligini ta’kidlaydi.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…