98 kun tinimsiz ishlagan Jenifer Lopes shifoxonaga tushib qolgan

Jahon yulduzi Jenifer Lopes faoliyatining ilk yillarida ortiqcha mehnat qilish oqibatida jiddiy sog‘liq muammosiga duch kelganini ma’lum qildi.
U “SmartLess” podkastida ishtirok etib, 2000 yillar boshida o‘z imkoniyatlari chegarasini hisobga olmaganini aytdi. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, u 98 kun davomida biror marta ham dam olmasdan ishlagan va oqibatda shifoxonaga tushib qolgan.
«Men “Enough” filmida ishtirok etayotgan paytimda ketma-ket to‘rtta filmda suratga tushgan edim. Shu bilan birga ikkinchi albomim ustida ham ishlayotgandim. “JLo” albomi katta muvaffaqiyatga erishgan edi», — dedi Lopes.
56 yoshli san’atkorning aytishicha, o‘sha paytlarda u kunduzi film suratga olish maydonchasida ishlar, kechqurun studiyaga borar, dam olish kunlari esa intervyular va kliplar suratga olish bilan mashg‘ul bo‘lardi.

Biroq uzluksiz ishlash oqibatida charchoq o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
«Har safar suratga olish maydonchasiga kirganimda yuragim tezroq ura boshlardi. Keyin esa o‘zimni juda asabiy his qila boshladim», — deydi u.
Lopes o‘sha vaqtda yosh hamkasbi Tessa Allenga o‘zini g‘alati his qilayotganini, qattiq charchaganini va ahvoli yaxshi emasligini aytgan.
«Treylerga qaytib o‘tirdim va birdaniga ko‘rish qobiliyatim xiralashib ketdi. Go‘yoki ko‘zlarim oldini nimadir qoplab olgandek bo‘ldi. Harakatlana olmay qoldim», — deb eslaydi xonanda.

O‘sha vaziyatda o‘zini falajlangan inson kabi his qilgan Lopes yordam so‘ragan. Uning yaqin dugonasi va o‘sha paytdagi yordamchisi Arlin xavfsizlik xodimini chaqirib, uni zudlik bilan shifoxonaga olib borgan.
«Shifokordan: “Men aqldan ozyapmanmi?” deb so‘radim. U esa: “Yo‘q, siz aqldan ozmagansiz”, deb javob berdi», — dedi u.
Jenifer Lopes 2000 yillar boshida “The Cell”, “The Wedding Planner”, “Angel Eyes” va “Maid in Manhattan” kabi filmlarda ishtirok etib, katta mashhurlikka erishgan.
Keyingi ikki yil ichida u “Gigli”, “Jersey Girl”, “Shall We Dance?” va “Monster-in-Law” filmlarida ham rol ijro etgan.

Shuningdek, 2001–2005 yillar oralig‘ida uchta musiqiy albomini ham taqdim etgan.
San’atkorning ushbu hikoyasi muntazam dam olish va sog‘liqqa e’tibor berish har qanday muvaffaqiyatdan ham muhim ekanini yana bir bor eslatib turibdi.






























Izohlar 0
…