Amerika Qo‘shma Shtatlari va yana 20 davlat «Yevrovideniye»ning ruscha analogi hisoblangan Intervision musiqa tanlovida qatnashishini tasdiqladi. Bu haqda Pravilamag xabar berdi.
Hozircha ishtirokchilar ro‘yxatiga Rossiya, AQSH, Xitoy, Belarus, Serbiya, Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Venesuela, Kolumbiya, Kuba, Vetnam, Hindiston, Misr, Saudiya Arabistoni, Qatar, Keniya, Madagaskar, Efiopiya va Janubiy Afrika kabi mamlakatlar kirgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Aleksandr Alimovning aytishicha, taklif etilgan davlatlarning barchasi ham rozi bo‘lmagan, ammo tanlov hech bir mamlakatni «siyosiy sabablarga ko‘ra» rad etmagan.
Diplomatning ta’kidlashicha, musobaqaga tayyorgarlik jarayonida «bir qator yoqimli syurprizlar» kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Intervision ilk bor 1970–1980 yillarda sotsialistik blok davlatlarida o‘tkazilgan. 2008 yilda «Birinchi kanal» va «Qizil maydon» media guruhi uni qayta yo‘lga qo‘ygan. 2025 yildagi tanlov Moskva va Moskva viloyatida bo‘lib o‘tadi. Prezident Vladimir Putinning qaroriga ko‘ra, loyiha uchun davlat budjeti hisobidan 750 million rubl ajratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!