O‘zbekiston san’at olami katta yo‘qotishga duch keldi. 7 sentyabr kuni mashhur opera xonandasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrining yetakchi solistlaridan biri Yanika Bagryanskaya Turkiyadagi klinikalardan birida uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Bu haqida O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Rasmiy xabarda ta’kidlanishicha, Bosh konsulxona marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda marhumaning yaqinlariga zarur konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatilgani qayd etildi.
Yanika Bagryanskaya o‘zbek san’ati tarixida o‘chmas iz qoldirgan ijodkorlardan biri edi. U 1996 yilda Toshkent davlat konservatoriyasini muvaffaqiyatli tamomlagan va shundan keyin ikki o‘n yildan ortiq vaqt davomida Navoiy teatri sahnasida messo-soprano ovozi bilan minglab muxlislar qalbini zabt etdi.
Uning sahna faoliyati nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham yuksak baholangan. Bagryanskaya “Romansiada” xalqaro romansi tanlovida II darajali mukofotga sazovor bo‘lgan, turli nufuzli festivallarda faol ishtirok etgan va san’atdagi yuksak mahorati hamda samimiy ijrosi bilan tanilgan.
Ijodkorni yaqindan taniganlar uning sahnaga bo‘lgan yuksak muhabbati, insonlarga bo‘lgan samimiy munosabati va mehnatsevarligi haqida alohida to‘xtaladilar. Messo-soprano ovozi orqali yuraklarga yo‘l topgan Yanika Bagryanskaya tom ma’noda o‘zbek opera san’atining yuzlaridan biri edi.
Uning hayotdan ketishi nafaqat yaqinlari va teatr jamoasi, balki butun san’at ahli uchun katta yo‘qotish sifatida qabul qilindi. Xalq orasida samimiy ijrosi va yuksak professional mahorati bilan sevimli bo‘lgan xonandaning xotirasi uzoq yillar davomida san’at ixlosmandlari qalbida yashaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!