Telegram asoschisi Pavel Durov birinchi marta 2018-yilda uni zaharlash orqali yo‘q qilishga urinish bo‘lganini aytdi. Bu haqda u amerikalik bloger Leks Fridman bilan suhbatida ma’lum qildi.
Bloger undan ushbu voqeani sharhlashni so‘raganida, Durov bu haqda hech qachon oldin gapirmaganini, chunki odamlarni xavotirga solish yoki qo‘rqitishni istamaganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea 2018-yilning bahorida sodir bo‘lgan. O‘sha paytda Telegram jamoasi TON kriptovalyutasi uchun mablag‘ yig‘ish bilan shug‘ullanayotgan, bir qator davlatlar esa messenjerni cheklashga harakat qilayotgan edi.
“Men umuman kasal bo‘lmayman, dorilar ichmayman. Lekin o‘shanda o‘zimni o‘layotgandek his qildim”, — dedi Durov. U uyiga qaytib kelganida “g‘alati qo‘shni” eshik oldida nimadir qoldirganini qayd etdi. Biroz vaqt o‘tgach, yotoqda bo‘lgan paytda o‘zida qattiq og‘riq seza boshlagan: ko‘rish va eshitish qobiliyati so‘na boshlagan, nafas olishi og‘irlashgan.
“Yuragim, oshqozonim va qon tomirlarimda og‘riq kuchaydi. Bir payt xayolimdan: ‘Men yaxshi hayot kechirdim, ayrim narsalarga erishdim’, degan fikr o‘tdi. Keyin polga yiqilib tushdim va keyin hech narsani eslay olmay qoldim”, — deya esladi u.
Ertasi kuni u polda uyg‘onib ketgan. Tanadagi qon tomirlari yorilib, yura olmay qolgan. Ikki hafta davomida qattiq zaif holatda bo‘lgan va jamoasining ko‘pchiligiga bu haqda aytmaslikka qaror qilgan.
Fridman bu voqea unga qo‘rquv solganmi, deb so‘raganda, Durov aksincha o‘zini erkin his qilganini ta’kidladi: “Shundan keyin hayot go‘yo bonus vaqtdek seziladi. Har bir kun yangi sovg‘a kabi”.
U “g‘alati qo‘shnisi” qoldirgan narsa nima bo‘lgani haqida esa hech qanday tafsilot ochiqlamadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!