13:25 / 30.01.2017
58 211

Muqaddas Sa’dullaeva sobiq turmush o‘rtog‘iga internet orqali ochiq xat yo‘lladi

Muqaddas Sa’dullaeva sobiq turmush o‘rtog‘iga internet orqali ochiq xat yo‘lladi

Sa’dullaevlar sulolasi davomchisi, aktrisa Muqaddas Sa’dullaeva nafaqat ijro etgan rollari, balki shaxsiy hayoti borasidagi ma’lumotlar bilan ham doim odamlar diqqat markazida bo‘lgan. Ayni vaqtda jajji qizalog‘ini yolg‘iz tarbiyalayotgan Muqaddas Sa’dullaevaning shaxsiy hayotida, oilasi bilan bog‘liq mish-mishlar kun sayin bolalamoqda. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali turmush o‘rtog‘iga yozib qoldirganlari yana gap-so‘zlarning alanga olishiga sabab bo‘ldi, deb yozadi Qalampir.uz sayti.

“Men sen bilan bo‘lgan hayot o‘yinida g‘olib chiqdim... Chunki menda U bor! Senda esa yo‘q! U mening hayotim mazmuni, ertangi kunim quyoshi, quvonchi, yashashga umidim, umrimning mazmuni. Senda yana shunday o‘zi kichkina, aslida esa katta baxt bo‘lmish mo‘jizaviy ne’mat bo‘lishi, dargumon! Chunki xor qilganingga zor bo‘lasan, deb bejiz aytishmagan dono xalqimiz. Men birovni oilasiga, ya’ni birovning eriga, hatto, nogahon qarab qolishdan qo‘rqaman, ayolini diliga nogoh ozor berib qo‘yishdan qo‘rqaman, buni o‘zimga or deb bilaman, zinodan qo‘rqaman, farzandimni halol katta qilishga intilaman, chunki halollikda gap ko‘p, shuning uchun hamisha vijdonim oldida mag‘rur bosh ko‘taraman!

Farzandimni nafs balosidan uzoq tutaman, har dam Yaratgan meni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasligini so‘rayman. Jajjigina farishtacham kelajagi, taqdiri men uchun birinchi o‘rinda! Taqdiri go‘zal bitilishini Yaratgandan tinmay so‘rayman. Hayotda ko‘p qoqildim, lekin or-nomusimni sotmadim, elkamda har dam oilam mas’uliyati og‘ir bosilib turdi, ba’zida erkak bo‘lib tug‘ilsam, oilam mustahkam bo‘lardi, deb o‘ylab qolaman. Chunki senga nisbatan mas’uliyatli ekanimni yaxshi bilaman.

Mayli, Yaratganga shukur, unga shirk keltirish katta gunoh, deb o‘zimni ovutaman. Vaqt keladi qo‘lingdagi qo‘g‘irchoqlar seni arzon sotib ketadi, afsuslanasan. Hayotdagi eng go‘zal baxting – oilangni yo‘qotganingni tushunib etasan. Lekin unda hammasi juda kech bo‘ladi!

Ha aytgancha, menda qalb go‘zalligi birinchi o‘rinda, sen birovlarga aytganchalik, xohlaganing kabi go‘zal bo‘la olmaganim uchun kechir. Senga husni jamoli misli oy kabi go‘zal yor tilab qolaman. Faqatgina Yaratgandan so‘raymanki, qalbi mendek samimiy bo‘lmasin. Chunki senga asosiysi qalb emas, asosiysi go‘zal siymo. Qalbimni o‘zim bilan mangulikka olib ketaman...

Mayli, barchasi uchun shukur, Yaratganga hamdu sanolar aytaman, barcha bergan sinovlaridan sabr bilan o‘taman. Biz kuchlimiz, bunga ishonaman! “Qalb daftaridan bitiklar”, deb yozib qoldirgan Muqaddas Sa’dullaevaning bu satrlari kimga atalganini sezish qiyin emas.

Aktrisa Muqaddas Sa’dullaeva 2014 yilning 5 noyabr kuni turmushga chiqqan edi. Yarim yilga etar-etmas uning turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlariga darz ketdi va bu muhokamalar maydonining asosiy mavzusiga aylandi. Sa’dullaeva avvaliga buni muxlislaridan yashirdi. Biroq oilaviy rishtalar tobora uzilgach, u bor haqiqatni odamlarga aytishga jazm qildi. Bundan bir yil avval ijtimoiy tarmoqlar orqali Muqaddas va uning turmush o‘rtog‘i o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlarda kichik tortishuv ham bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda bunga minglab odamlar guvoh bo‘lishgan.

Ma’lumot uchun, Muqadda Sa’dullaevaning Sa’diya ismli qizchasi bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Muqaddas Sa’dullaeva sobiq turmush o‘rtog‘iga internet orqali ochiq xat yo‘lladi