Bo‘yi 2,20 va 1,12 metr: O‘zbekistondagi rekord odamlar (video)

“Sariq bola” pitsa tarmog‘iga asos solgan tadbirkor Jahongir Xo‘jayev O‘zbekistondagi eng bo‘yi uzun va eng bo‘yi past odamlarni jamoatchilikka tanishtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizdagi eng bo‘yi uzun insonning bo‘yi 2 metr 20 santimetr, eng bo‘yi past insonning bo‘yi esa 1 metr 12 santimetrni tashkil etadi.
Videoda aytilishicha, Buxoro viloyatidan tashrif buyurgan eng bo‘yi uzun fuqaroning ismi Rashid bo‘lsa, Urgut tumanidan kelgan eng bo‘yi past fuqaroning ismi Hasan ekan. Jahongir Xo‘jayev ularning bo‘yini aniq tasdiqlash maqsadida videoda maxsus metr yordamida o‘lchab ko‘rsatdi.
Rashid o‘zining bo‘yi balandligi nasldan-naslga o‘tganini ta’kidladi. Hasan esa uning egizak ukasi Husan borligini, ammo Husan undan ancha bo‘yi uzun ekanini ma’lum qildi.
Tadbir davomida mehmonlarga, gavdalariga mos maxsus tayyorlangan ichimliklar va pitsalar sovg‘a qilindi. Shuningdek, bo‘yi baland Rashid kundalik hayotida ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishini aytib, kiyim-kechak, oyoq kiyimlari, uy jihozlari va mebellarni doim o‘z gavdasiga moslab maxsus buyurtma asosida tayyorlatishiga to‘g‘ri kelishini bildirdi.