“Millionga buzib kirish” filmida xaker "xavfli o‘yin"ga tushib qoladi...

“Millionga buzib kirish” filmi 2026 yilda ekran yuzini ko‘radigan dinamik triller bo‘lib, unda pul, muhabbat, xiyonat va xavfli qarorlar oqibati haqida hikoya qilinadi. Asar markazida Koul ismli xaker turadi. U simsiz tarmoqlarni o‘z mashinasidan buzib kirish, yirik kompaniyalar hisoblariga hujum qilish va shu orqali kun kechirishga o‘rgangan.
Biroq Oskar uni topib, million dollarlik katta kiber-o‘g‘irlikka majbur qilganidan so‘ng, Koulning hayoti butunlay o‘zgarib ketadi. Bu rejaning asosiy nishoni Sara bo‘ladi. U boshqalarning o‘yini va nayranglari markaziga tushib qolgan, ammo bu xavfli sxemada unga qanday rol berilganini hali to‘liq anglamagan ayol sifatida tasvirlanadi.
Kutilmaganda Koul Saraga nisbatan hissiyot paydo qiladi. Shu nuqtadan boshlab u faqat pul yoki topshiriq haqida emas, balki uni himoya qilish haqida ham o‘ylay boshlaydi. Ammo bu qaror uni yanada xavfli vaziyatga olib kiradi. Chunki atrofda million dollar uchun oxirigacha borishga tayyor odamlar ko‘payadi, har bir yangi xato esa qutulish imkoniyatini kamaytiradi.
Film sevgi uchun kurash, ishonch, aldov va tanlovlar oqibati haqidagi hayajonli voqealarga boy. Rejissyor Rebekka Tomas ushbu trillerda kiberjinoyatlar olami, inson hissiyotlari va xavfli o‘yinlar to‘qnashuvini ko‘rsatadi. Bosh rollarni Deyn DeHaan, Sasha Kalle, Mamudu Ati va Jeffri Donovan ijro etgan. “Millionga buzib kirish” — pul uchun boshlangan o‘yin muhabbat va hayot-mamot kurashiga aylanadigan film.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!