Dua Lipa hashamatli to‘yidan ilk rasmiy suratlarni ko‘rsatdi

Mashhur xonanda Dua Lipa va aktyor Kallum Tyorner Sitsiliyada bo‘lib o‘tgan hashamatli nikoh marosimidan olingan rasmiy suratlarni ilk bor jamoatchilikka taqdim qildi.
30 yoshli xonanda Instagram sahifasida bir nechta fotosuratlardan iborat to‘plamni e’lon qilib, unga «Mr & Mrs» deb izoh qoldirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Dua Lipa ushbu marosimda Chanel moda uyi tomonidan maxsus tayyorlangan yuqori darajadagi kutyur kelinlik libosini kiygan. Libos patlar va yaltiroq bezaklar bilan bezatilgan bo‘lib, u Parijdagi mashhur atelyelarda qo‘l mehnati bilan tayyorlangan.

Kelinning fatasi ham qo‘lda ishlangan bo‘lib, unga munchoqlar, patlar va organza bezaklari qo‘shilgan. Obraz maxsus tayyorlangan oq atlas tuflilar bilan to‘ldirilgan.
36 yoshli Kallum Tyorner esa Louis Vuitton brendi tomonidan tayyorlangan maxsus kostyumda ko‘rinish bergan.
Juftlikning yaqindan olingan samimiy suratlarida ular bir-biriga mehr ko‘rsatayotgani, to‘y maskanida suratga tushayotgani hamda shampan bilan bayram qilayotgani aks etgan.

Avvalroq manbalar Sitsiliyadagi uch kunlik nikoh marosimi nihoyatda hashamatli o‘tishi va juftlik butun boshli mehmonxonani band qilganini ma’lum qilgan edi.
Bundan avval esa ular 2026 yil may oyida Londondagi Old Marylebone Town Hall binosida fuqarolik nikohidan o‘tgan.
Juftlik keyinchalik Italiyaning Palermo shahri yaqinida joylashgan Villa Valguarnera majmuasida yaqinlari bilan uch kunlik tantanali bayram o‘tkazgan.
Dua Lipa va Kallum Tyorner munosabatlari haqidagi dastlabki ma’lumotlar 2024 yil yanvar oyida tarqalgan edi. Ular «Masters of Air» loyihasining kechki tadbirida birga raqs tushayotgan paytda ko‘rilgan.

Manbalarning aytishicha, juftlik o‘sha vaqtning o‘zidayoq bir-biriga qattiq mehr qo‘ygan bo‘lgan. Oradan uch oy o‘tib, ular Nyu-Yorkda birga ko‘rinish bergan.
Xonanda esa 2025 yil iyun oyida rasman unashtirilganini tasdiqlagan edi.






























Izohlar 0
…