«Ayol» seriali ortidagi 7 yillik mojaro oshkor bo‘ldi

«Ayol» serialida Nisan obrazini ijro etgan Kubra Suzgun va uning otasi Serkan Suzgun 7 yil avval boshlangan huquqiy mojaro yuzasidan yordam so‘radi. Mojaro Kubraning bolalikdagi suratlari reklamalarda ruxsatsiz ishlatilgani haqidagi da’volar va shu masala bo‘yicha sud jarayoni bilan bog‘liq. Serialda Kubraning onasi rolini ijro etgan O‘zge O‘zpirinchji advokat Nail Gyonenlini tavsiya qilganini, keyingi jarayonlarga aralashmaganini aytdi.
Turkiyaning mashhur «Ayol» (Kadın) serialida Nisan obrazini ijro etgan Kubra Suzgunning 7 yil avvalgi voqealar yuzasidan qilgan murojaati yana kun tartibiga chiqdi. Yosh aktrisa va uning otasi Serkan Suzgun huquqiy jarayon bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelganini aytib, yordam so‘ragan.
Kubra Suzgun ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videomurojaatida oilasi bilan uzoq vaqt davomida og‘ir bosim va qo‘rquv ostida yashaganini ta’kidlagan. U bu jarayon ortida turli shaxslar va huquqiy masalalar turganini aytib, davlat rahbariyatidan yordam so‘ragan.
Voqea markazida «Ayol» serialida Kubraning onasi obrazini ijro etgan O‘zge O‘zpirinchji ham bor. O‘zpirinchjining ma’lum qilishicha, 2017–2019 yillarda serial suratga olinayotgan paytda Kubraning otasi undan advokat tavsiya qilishni so‘ragan. Shundan so‘ng u oilani o‘z advokati Nail Gyonenli bilan bog‘lagan, xolos. Aktrisa keyingi sud jarayonlariga hech qanday tarzda aralashmaganini bildirgan.
O‘zpirinchji so‘nggi qariyb 7 yil davomida o‘ziga, oilasiga va yaqinlariga nisbatan yolg‘on ayblovlar, tuhmat, tahdid va haqoratlar bo‘layotganini bildirib, bu holatni afsus va hayrat bilan kuzatayotganini ma’lum qilgandi.
Mazkur mojaro aslida Kubra Suzgunning bolalik davridagi suratlari reklamalarda ruxsatsiz ishlatilgani haqidagi da’volar va shu masala bo‘yicha boshlangan sud jarayoni bilan bog‘liq ekani turk OAVlarida qayd etilgan. Suzgunning otasi sud jarayonida advokat Nail Gyonenli va boshqa shaxslar bilan bog‘liq jiddiy e’tirozlarni ilgari surgan. Biroq bu da’volar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari bir-biridan keskin farq qiladi.






























Izohlar 0
…