«Mehmonjonlardan aylanay» seriali yulduzlari 18 yildan so‘ng qanday ko‘rinishda? (foto, video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Rejissyor Mohigul Hamroyeva tomonidan 2008 yilda suratga olingan «Mehmonjonlardan aylanay» sitkomi o‘z davrida millionlab tomoshabinlar e’tiborini qozongan edi.
- Serialda bosh rollarni ijro etgan Hamid Toshpo‘latov, Nodira Mahmudova, Nargiza Sharmetova, Shaxriyor Izzatullayev, Avaz Qodirov, Feruza Meliboyeva va Madina To‘xtayeva kabi aktyorlar bugungi kunda ham ijodiy yoki shaxsiy faoliyatlarini davom ettirmoqda.
Rejissyor Mohigul Hamroyeva tomonidan 2008 yilda suratga olingan va 2009 yildan efirga uzatilgan «Mehmonjonlardan aylanay» seriali o‘z vaqtida millionlab tomoshabinlarni ekran qarshisiga jamlagandi.
Taniqli yozuvchi Erkin Xushvaqtov ssenariysini yozgan ushbu loyiha G‘arbda keng tarqalgan sitkom janrida suratga olingan. Serialda Toshkentda yangi uyga ko‘chib kelgan oilaning kundalik hayoti, ularning qo‘shnilari bilan munosabatlari va turli kulgili voqealar hikoya qilinadi.
Oradan qariyb 18 yil o‘tdi. Bir vaqtlar tomoshabinlarga quvonch ulashgan serial qahramonlarini gavdalantirgan aktyor va aktrisalarning bugungi qiyofasi esa ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Xo‘sh, «Mehmonjonlardan aylanay» seriali yulduzlari hozir qanday ko‘rinishda?
Hamid Toshpo‘latov

Serial bosh qahramoni Aziz rolini ijro etgan aktyor Hamid Toshpo‘latov 1957 yilda tavallud topgan. Aktyor ko‘p yillardan buyon O‘zbek milliy akademik drama teatrida o‘z faoliyatini yuritadi.
Ijodkor uchun “Mehmonjonlardan aylanay"dagi roli kino doirasidagi tashrif qog‘oziga aylandi deyish mumkin. U 2010 yillarda “Oqibat”, “Bevalar”, “Achchiq hayot”, “Dard” va “Hayotim orzusi” kabi filmlarda bosh rollarni o‘ynagan.
Toshpo‘latovning ikki o‘g‘li va besh qizi bor. U 2021 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga sazovor bo‘lgan.
Nodira Mahmudova

Serialda Mohira rolini o‘ynagan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Mahmudova 1967 yil 3 noyabr Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1988 yildan buyon O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritadi.
Ijodi davomida «Bobur», «Mening osmonim», «Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi», «G‘aroyib parvoz» videofilmlarida, «Yaratganga shukr», «To‘lov», «Tanlash huquqi», «Go‘zallik siri», «Zumrad va Qimmat», “Mehmonjonlardan aylanay”, “Tubanlik”, “Turist” kabi filmlarda va ko‘plab spektakllarda o‘ziga xos rollarni ijro etgan.
Nargiza Sharmetova

Serialda Charos rolini o‘ynagan aktrisa Nargiza Ro‘ziboyeva 1988 yilda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tug‘ilgan. Ijodkor serialdan keyin ham bir qancha filmlar va “Meros yoxud Zurriyot-2” teleseriali, “Opa-singillar” serialidagi Nasiba roli bilan katta mashhurlikka erishdi.
U o‘zini xonandalikda ham sinab ko‘rdi. 2014 yilda Narmin taxallusi bilan “Kechmas” nomli taronani taqdim etdi. Ro‘ziboyeva 2016 yilda rejissyor Ulug‘bek Sharmetovga turmushga chiqdi va familiyasini Sharmetovaga o‘zgartirdi.
Shaxriyor Izzatullayev

Serialda oilaning kichik farzandi Husan rolini ijro etgan aktyor Shaxriyor Izzatullayev hozir ham san’at sohasidagi faoliyatini davom ettirmoqda. U “Jasur”, “Kulchatoy” va “Soy qo‘shig‘i” kabi filmlarda ikkinchi darajali rollarni ijro etgan. Aktyor so‘nggi yillarda yirik loyihalarda ko‘rinish bermadi.
Izzatullayevning Instagram'dagi sahifasidan ma’lum bo‘lishicha, u hozirda Toshkentdagi “Malika” savdo majmuasida o‘z texnika do‘koniga ega.
Dilbar Ikromova

Serialda pastki qavatidagi xonadonda yashovchi Ashrab ismli qo‘shnisi rolini ijro etgan aktrisa Dilbar Ikromova 1947 yil 17 iyulda tug‘ilgan. Aktrisa Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. U 2001 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, 2021 yilda Fidokorona xizmatlari uchun ordeni bilan mukofotlangan.
Dilbar Ikromova "Kelinlar qo‘zg‘aloni", "Chimildiq", "Dev bilan pakana", "Devona", "Afg‘on", "Oyqiz ertagi" kabi juda ko‘plab filmlarda bir-biridan qiziqarli bo‘lgan turli rollarni mahorat bilan ijro etgan. Aktrisa 2020 yil 25 avgust sanasida 73 yoshida koronavirus oqibatida vafot etgan.
Jumadulla Rametov

Serialda Mohiraning akasi rolini ijro etgan aktyor Jumadulla Rametov 1955 yil 24 noyabrda tavallud topgan. 1974 yilda o‘rta maktabni tugatib, Toshkent san’at institutiga o‘qishga kiradi va 1981 yilda u yerdagi tahsilini tugatadi. 1983 yildan O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori sifatida o‘z faoliyatini boshlagan.
Bundan tashqari „Osmondagi bolalar“, „Tundan tonggacha“, „Jasur“, „Zamonaviy sovchilar“ va boshqa kinofilmlardagi rollari bilan keng ommaga mashhur bo‘lgan.
2020 yilda u alsgeymer kasalligiga chalingan va 2022 yilga kelib kasallik kuchayib, xotirasini yo‘qotgan. Hozirda aktyor davolanmoqda. U 1999 yil O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.
Feruza Meliboyeva

Taniqli kino va teatr aktrisasi Feruza Meliboyeva serialda kosmetika vositalari sotuvchisi O‘g‘iloy rolini o‘ynagan. Ijodkor uzoq yillardan beri O‘zbekiston davlat drama teatri aktrisasi sifatida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda xususiy telekanallardagi novellalarda suratga tushmoqda. U 2024 yil yakunida film suratga olish jarayonida sochlarini kalga oldirishi ortidan yana muxlislar e’tiboriga tushgandi. Aktrisa bu ishidan hech ham afsuslanmasligini aytgan.
Madina To‘xtayeva

Serialda uy boshqaruvchisi (domkom) Ma’mura rolini o‘ynagan aktrisa Madina To‘xtayeva 1948 yilda Termiz shahrida tug‘ilgan. U o‘rta maktabni bitirib Toshkent davlat san’at institutiga o‘qishga kirib tahsil olgan.
Ijodkor 1969 yil “Yosh gvardiya” teatriga (hozirda O‘zbek drama teartri) ishga kirgan va hozirgacha shu yerda ishlab kelmoqda. Uning birinchi o‘ynagan roli yozuvchi Shuhratning “Besh kunlik kuyov” spektaklidagi O‘lmasxon roli edi.
2000 yil teatr sahnasidagi faoliyati uchun Madina To‘xtayeva hukumat tomonidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlandi.
Avaz Qodirov

Xonadon bekasi Mohiraning jiyani Shokirjon rolini o‘ynagan aktyor Avaz Qodirov 1981 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U o‘zining qat’iy obrazlari bilan tomoshabinlar ko‘nglidan joy olgan.
“Qaytar dunyo” va “Maftuna” kabi seriallardagi rollari bilan tanilgan aktyor keyingi yillarda ham o‘zini turli ampulalarda sinab ko‘rdi. U “Mug‘ombir kuyovlar”, “Sevadi, sevmaydi” filmlarida ham rol ijro etgan.
Aktyor 2021 yilda Turkiya kinoijodkorlari bilan hamkorlikda suratga olingan “Ishq o‘yinlari” loyihasida ham ishtirok etdi. U “Otalar so‘z — aqlning ko‘zi” telenovellasining asosiy qahramonlaridan biri edi. O‘zbek milliy akadamik drama teatrida faoliyat olib bormoqda.
Asadillo Nabiyev

Xonadon egasi Azizning xorazmlik Otamurodjon ismli tanishi rolini o‘ynagan aktyor Asadillo Nabiyev 1979 yil 5 mayda Qarshi shahrida tug‘ilgan. 1995—1996 yillarda “Muloqot” teatr-studiyasida aktyor bo‘lib ishlagan.
U 2014 yil O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan. 2021 yili esa aktyorga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni topshirilgan.
Huvaydo Jumayeva

Serialda Azizning qishloqdan kelgan uzoqroq qarindoshi Mahliyo obrazini gavdalantirgan komik aktrisa Huvaydo Jumayeva 29 noyabr kuni Navoiy viloyatida tug‘ilgan. U «Sho‘rdanak», «Qalpoq», «Lady shou» kabi ko‘plab hajviy ko‘rsatuvlarda ishtirok etgan. Ayni paytda Bobur Mansurov jamoasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
«Do‘stlar davrasida» ko‘rsatuvida kutilmagan uchrashuv yuz berdi. «Mehmonjonlardan aylanay» serialida oilaning kenja farzandi Husan obrazini gavdalantirgan aktyor Shaxriyor Izzatullayev studiyaga kutilmaganda tashrif buyurib, serialdagi ota-onasi — Hamid Toshpo‘latov va Nodira Mahmudova bilan diydorlashdi.
Qariyb 18 yildan so‘ng ilk bor yuzma-yuz ko‘rishgan aktyorlarning quvonchli lahzalari aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ayniqsa, Shaxriyorning serialdagi onasi rolini ijro etgan Nodira Mahmudovaga chiroyli guldasta sovg‘a qilgani tomoshabinlarning e’tiborini tortdi.






























Izohlar 0
…