Qahramon Abdurahimov 77 yoshni qarshi oldi

O'zbek teatr va kino san'ati vakili, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Qahramon Abdurahimov 18 avgust kuni 77 yoshni qarshi oldi. U 1949 yil 18 avgustda Buxoro viloyatining Qorako'l tumanida tug'ilgan va 1972 yildan buyon O'zbek milliy akademik drama teatrida yetakchi aktyorlardan biri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Aktyor “O'tgan kunlar”, “Shaytanat”, “Abulfayzxon”, “Sevginator” va “Tavba” kabi filmlardagi rollari bilan tanilgan.
O‘zbek teatr va kino san’atining taniqli vakili, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Qahramon Abdurahimov kecha, 18 avgust kuni 77 yoshni qarshi oldi.
Aktyor 1949 yil 18 avgustda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tavallud topgan. U 1972 yilda professional sahnadagi faoliyatini boshlagan va shundan buyon O‘zbek milliy akademik drama teatrida yetakchi aktyorlardan biri sifatida ijod qilib kelmoqda.
Qahramon Abdurahimov ko‘p yillik faoliyati davomida teatr sahnasida turli obrazlarni gavdalantirish bilan birga, kino va teleloyihalarda ham munosib rollarni ijro etgan. Tomoshabinlar uni “O‘tgan kunlar”, “Shaytanat”, “Abulfayzxon”, “Sevginator” va “Tavba” kabi filmlardagi rollari orqali yaxshi taniydi.
San’atkorning o‘zbek madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi davlat tomonidan ham munosib e’tirof etilgan. U 1993 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2021 yilda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni, 2022 yilda “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoniga ega bo‘lgan.

2026 yil 28 may kuni Prezident farmoniga muvofiq Qahramon Abdurahimov mamlakat madaniy hayotidagi xizmatlari uchun “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
Tahririyatimiz Qahramon Abdurahimovni 77 yoshga to‘lgan qutlug‘ ayyomi bilan samimiy muborakbod etadi. Unga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy xotirjamlik va kelgusidagi ijodiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.































Izohlar 0
…