Omad tilab samolyotga tanga uloqtirgan ayol 5 sutkaga qamaldi

Xitoyning Uxan shahridagi aeroportda ilk bor samolyotda uchayotgan 61 yoshli ayol parvoz oldidan omad va xavfsizlik tilab, samolyot tomonga to‘rtta tanga uloqtirdi. Uning bu harakati reysning 58 daqiqaga kechikishiga sabab bo‘ldi.
Voqea 16 noyabr kuni Uxan shahridagi Tyanxe xalqaro aeroportida sodir bo‘lgan. Ayol oilasi bilan Xaynan oroliga sayohat qilish uchun Sanya shahriga uchmoqchi bo‘lgan. U nabirasini ko‘tarib, samolyotga chiqayotgan paytda cho‘ntagidan to‘rtta tanga olib, ularni uloqtirgan.
Tangalar samolyot eshigi va unga tutash yo‘lak orasidagi tirqishdan o‘tib, aeroportning uchish-qo‘nish maydoniga tushgan. Voqeani payqagan ekipaj darhol xabar bergan. Shundan so‘ng parvozga tayyorgarlik vaqtincha to‘xtatilib, 10 nafarga yaqin texnik xodim maydon va samolyot dvigatellarini begona jismlar bor-yo‘qligi yuzasidan tekshirgan.
Qidiruv va xavfsizlik tekshiruvlari sababli reys 58 daqiqaga kechikkan. Xitoyning Xubey provinsiyasi aeroport politsiyasi 61 yoshli ayolni aviatsiya xavfsizligiga tahdid solgani va havo transporti tartibini buzgani uchun besh sutkaga ma’muriy qamoqqa olishga qaror qilgan.
Ayol tangalarni parvoz xavfsizligini tilab, omad keltiradi degan ishonch bilan uloqtirganini bildirgan. Aeroport politsiyasi esa samolyotga yoki uning atrofidagi maydonga har qanday buyum tashlash jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…