Shekspir teatri Toshkentda «Hamlet» spektaklini namoyish etdi

O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida Londonning «Globus» teatri talqinidagi «Hamlet» spektakli namoyish etildi. Bu haqda Gazeta.uz xabar bermoqda.
4 noyabr kuni O‘zbek milliy akademik drama teatri sahnasida Londonning «Globus» teatri talqinidagi «Hamlet» spektakli namoyish etildi. Buyuk dramaturg Uilyam Shekspir asos solgan teatr aktyorlari O‘zbekistonga Globe to Globe loyihasi doirasida tashrif buyurdi.
2 soatu 45 daqiqa davom etgan teatr tomoshasi ingliz tilida ruscha subtitrlar bilan ikki bora — kunduzgi va kechki seansda namoyish qilindi. Dunyo dramaturgiyasining shoh asarlaridan biri sifatida tan olingan pesadagi 20 dan oshiq rol 8 nafar aktyor tomonidan ijro etildi. Xususan, Hamlet rolini aktyorlar Ladi Emeruva hamda Naim Hayat o‘ynadi. Pesani sahnalashtirishda 60 dan ortiq mutaxassis hamda ijodkorlar qatnashgan.
«Avval-boshda ingliz teatri sayyor teatr bo‘lgani bugun ko‘pchilikning yodidan ham chiqib ketgan. Teatr binolari keyinroq paydo bo‘lgan. „Rose“ va „Globe“ teatrlari bunyod etilgunga qadar truppalar shaharma-shahar kezib, maydon, ibodatxona, ratusha, bozor va boshqa gavjum erlarda, ochiq osmon ostida tomosha ko‘rsatgan, — deydi „Globus“ teatri badiiy rahbari Dominik Dromgul. — Shekspir va unga hamfikr aktyorlar ham ijodiy safarlarni jonidan ortiq ko‘rgan. Ular „Globus“ teatriga asos solganidan keyin ham sayyor tomoshalarni kanda qilmagan».
London teatri 2007 yilda «Romeo va Juletta» spektaklini xorijda namoyish etib, ulug‘ dramaturg boshlab bergan an’anani 400 yillik tanaffusdan so‘ng qayta tikladi. Ijodiy jamoa 2014 yil 23 aprel — Shekspir tavalludining 450 yillik sanasidan boshlab esa dunyoning 205 davlati bo‘ylab sayohatga otlandi. O‘zbekistonlik teatr ixlosmandlari ham ushbu loyiha doirasida «Globus» teatri talqinidagi «Hamlet»ni tomosha qildilar.
Mazkur jahonshumul pesaning O‘zbek milliy akademik drama teatrida qo‘yilishida ramziy ma’no bor. Negaki, o‘tgan asrda aynan ushbu sahnada Abror Hidoyatov, Olim Xo‘jaev, Shukur Burhon kabi ulug‘ san’atkorlar ham Hamlet rolini talqin etgan.
«Til bilan bog‘liq to‘siqlar hamda jug‘rofiy chegaralarga qaramay, Shekspir asarlari, umuman, teatr san’ati vositasida insonlar o‘rtasidagi samimiy va oshkora muloqotni kuchaytirishni istaymiz», — deydi «Globus» Dominik Dromgul.
Ijodiy loyiha Britaniya Kengashi, O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda «O‘zbekteatr» ijodiy jamoasining sa’y-harakati bilan yuzaga chiqdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing