12:24 / 14.01.2018
9 713

Sherali Jo‘rayev: "Kassada yo‘q, lekin kissada bor biletlar!?..."

Шерали Жўраев: "Кассада йўқ, лекин киссада бор билетлар!?..."
Uch kun avval bir tanishim qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning konsertiga chipta sotib olib qo‘yishimni qayta-qayta iltimos qildi. Olisdagi oshnamning so‘zini yerda qoldirmay deb “Istiqlol” san’at saroyiga yo‘l oldim.
San’atkorlar surati tushirilgan bannerlarga qarab bahor kelishigayam oz qoldi degan o‘y kechdi xayolimdan. San’at saroyining kassasiga yaqinlashar ekanman, “Bilet olamiz”, “Bilet sotamiz” degan shovqindan bu yerga bahor havosini tuyish uchun emas, chipta sotib olish uchun kelganimni o‘zimga-o‘zim eslatdim.

Kassadan asabiylashib chiqib kelgan ellik yoshlar chamasidagi amakiga ko‘zim tushdi. U kishidan vaziyat qandayligi haqida so‘radim:
— Aka, kassada chipta qolmaganmi?
— E, nimasini so‘raysiz, uka?! O‘zim Toshkentga tijorat bahonasida tez-tez kelib turaman. Ayolim va ikki qizimga Sherali hofizning konsertiga olib boraman deb va’da berib qo‘ygan edim. Uch yil avval ham Ozodbek Nazarbekov konsertiga chipta topolmasdan, noiloj qo‘ldan olib ketganman. Bu safar ham o‘sha ahvol. Kassa narxi qimmatligi yetmaganday, allaqachon tugab ham ulguribdi. Ana tashqarida yurgan ayollardan so‘rang, aslida yuz ming turadigan chiptalarni 300-350 ming so‘mdan olasiz. Old qatorlarni 600-700 ming so‘m deb turishibdi. Hisoblab ko‘rsam, konsertga vodiydan oilaviy kelib-ketishimizga bir oyda topadigan daromadim yetmas ekan...

To‘liqroq ishonch hosil qilish maqsadida kassaga bordim. Sotuvchidan chiptalar nega ko‘chada sotilyapti, sizlar esa qolmagan deb o‘tiribsizlar, kassada tugaganiga qancha bo‘ldi, deb so‘radim. Javob keskin bo‘ldi:
— Bilet yo‘q, boshqasini bilmayman...
Konsert tashkilotchilarining telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildik. Ularning ta’kidlashicha, chiptalarga belgilangan narx Sherali Jo‘rayevning haqiqiy muxlislari uchun qimmatlik qilmaydi. Faqat o‘z yurtimizdan emas, Qozog‘iston va Rossiya kabi xorijiy davlatlardan ham chipta so‘rab yuzlab qo‘ng‘iroqlar bo‘layotgan ekan, ularning birortasi narx bo‘yicha e’tiroz bildirishmabdi...

Kassa yonida yigirma daqiqacha kuzatdim. Suyukli hofizning konserti uchun bilet so‘rab kelayotgan odamlarning deyarli qadami uzilmadi. Ikki yigit bilan gaplashib tashqariga chiqdik, chayqovchilar yoniga bordik. O‘zini Nargiza deb tanishtirgan ayoldan oldingi qatorlar narxini sal kam mening oylik maoshimga tengligini eshitib, to‘g‘risi, og‘zim ochilib qoldi. Sal narida turgan kishi chipta borligini aytib chaqirdi. O‘zini Behzod deb tanishtirgan akadan tavakkaliga “yigirmata kerak” deb so‘radim. Hayron qolganim, chayqovchilarning birortasidan “yo‘q, topib bo‘lmaydi” degan gapni eshitmadim...

Oddiygina tahlil qiladigan bo‘lsak, eng kam oylik ish haqi ¬ bir yuz yetmish ikki ming so‘m, ikki soatlik konsert uchun chipta esa bunaqa maoshdan ikki-uchtasi kerak bo‘ladi. Sherali Jo‘rayevning konsertiga Surxondaryo yoki Qoraqalpog‘istondan ikki kishi keladigan bo‘lsa, yo‘l kira xarajatlari ham qo‘shilib qanchaga tushishini o‘zingiz hisoblab olavering.
Olisdagi oshnamga qo‘ng‘iroq qilib, shu gaplarni aytgan edim, chuqur xo‘rsiniqdan keyin aloqa uzilib qoldi. Nima balo, qo‘l telefonining quvvati tugadimikan...
Elbek ShOYIM

Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sherali Jo‘rayev: "Kassada yo‘q, lekin kissada bor biletlar!?..."