«Unutmag‘il avvalgi yorlarni»
«Agar adolat bo‘lsa, bu ulug‘ olimning hurmatlarini joyiga qo‘yishimiz kerak», — degan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratning obro‘sini osmon qadar yuksaltirdi. Alloh rozi bo‘lsin! Vafotidan so‘ng bo‘lsa-da, martabasiga yarasha ehtirom ko‘rsatildi.
Shayx hazratlari e’zozlagan yana bir muhtaram inson borki, u kishi haqida hazratimiz «Inson qasidasi»ni aytganidan keyin boshqa qo‘shiq aytmasa ham elning ardog‘idagi shu hofiz bo‘lar edi», — degan edi. Bu hofiz − Sherali Jo‘rayev. Hazratimiz singari hofizning ham boshi g‘iybatdan, tuhmatdan, fisqu-fasoddan, hasad tufayli tug‘ilmish malomatlardan chiqmadi. Men juda qo‘rqar edimki, «O‘lding – aziz bo‘lding!» shioriga amal qiluvchi bizning kattakonlar Sherali Jo‘rayev tirik turib u kishiga yo‘l bermaydilar deb.
Alhamdulilloh, mana, prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan elda bayram ustiga bayram. Avvaliga shayx hazratimizning qadri tiklangan bo‘lsa, kuni kecha prezidentning matbuot xizmati buyurtmasi bilan «Milliy» telekanali orqali O‘zbekiston xalq artisti, Navoiy nomidagi davlat mukofoti sohibi Sherali Jo‘rayev ishtirokida salkam bir yarim soatlik «G‘azalxonlik kechasi» elga taqdim qilinishi san’at ixlosmandlarining, hofiz muxlislarining, hazrat Navoiy va hazrat Bobur g‘azallari shaydolarining cheksiz shodligiga sabab bo‘ldi.
G‘azalxonlik kechasiga eng qisqa ta’rif shuki, Sherali Jo‘rayev kecha qolgan jami hofizlarga tom ma’noda «master klass» o‘tib berdi!
Ijtimoiy tarmoqlarda ming-minglab shinavandalar «Ana, bo‘lar ekan-ku?!» deb yozmoqdalar. «E’tiqodni buzadigan, axloqni yakson qiladigan teleseriallar o‘rniga kishining ma’naviyatini yuksaltiradigan mana shunday ko‘rsatuvlar qilishsa bo‘lar ekan-ku?!» deyishmoqda.
Albatta, qo‘shiqlar ijrosi, sozandalar mahorati, hofizning qanday tor chalganlarini ta’rif qilsak, bir maqolaga sig‘maydi.
Ko‘rsatuvda Toshkent shahar bosh imom-xatibi, Navoiy g‘azallarining targ‘ibotchisi Anvar qori Tursunovning, navoiyshunos olim, aynan «Navoiy asarlarida Qur’on oyatlari va hadislar talqini» mavzusida doktorlik ishini yoqlagan falsafa doktori Olimjon Davlatovning ishtiroki ko‘rsatuv qadrini chandon oshirib yubordi. Qori aka va olimimiz hazrat Navoiy va hazrat Bobur g‘azallarini shunday sharhlab berdilarki, qo‘shiqni eshitib, bir maza qilgan shinavandalar baytlarning sharhini tinglab, qaytadan rohat qildilar.
Sherali Jo‘rayevning xonadonida bo‘lganimizda bir qo‘shiqni aytib bergan edi, ammo to‘ylarda so‘rasak «hali tayyor emas» deb hech aytmas edi. «Tayyor bo‘libdi» shekilli, kecha ana shu qo‘shiq ilk bor tinglovchilar e’tiboriga havola qilindi:
Orazin yopqach, ko‘zimdin sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh...
Ana endi bu baytni «Bir go‘zal qiz yuzini yopganidan keyin ko‘zimdan yoshlar otildi, bu yulduzlar yo‘qolgach, quyosh chiqishiga o‘xshaydi» deb tushuntirib yurgan «alloma»lar Anvar qorining go‘zal sharhini eshitishsin: «Bu bir martaba ekanki, u muhabbatdan balandroq bo‘lgan ishqqa erishganlarga berilar ekan va kechasi to tong otguncha O‘ziga oshiq bo‘lgan bu zot qalbida Alloh bir quyoshni porlatib qo‘yar ekanki, u zot buning shavqidan tonggacha bedor bo‘lar ekan. Qalbidagi quyosh nihon bo‘lg‘achgina, yulduzlar ko‘rinar ekan».
Shunday sharhlardan keyin ham Anvar qori haqida «Hofizlar bilan birga yuribdi, konsertlarga aralashib yuribdi, shu ish poytaxt bosh imomiga yarashadimi?» deya malomat tig‘larini qayrayotgan fitnachilarga assalomu alaykum!
Axir Anvar qoridek ulamolar hazrat Navoiy va hazrat Bobur singari so‘fiy shoirlarning baytlarini sharhlab bermasalar, «Navoiy ham may haqida she’rlar yozgan, mayxo‘r bo‘lgan, Umar Xayyom-ku o‘zimizning shishadoshimiz» deb yurgan «mardumi g‘ofil»lar qancha.
G‘azalxonlik kechasida hofizning o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayev ham hazrat Navoiy g‘azaliga otasi bastalagan «Oshiq bo‘ldim» qo‘shig‘ini yuksak mahorat bilan ijro etdiki, bu ijro ham tahsinga sazovor.
«Milliy» telekanali rahbarlariga, ijodiy xodimlariga xalqimiz nomidan tashakkur bildirib, qolgan telekanallar ham ana shunday maroqli, yuksak saviyali, eng muhimi, xalqimiz ma’naviyatiga xizmat qiladigan ko‘rsatuvlar tayyorlashda ulardan o‘rnak olishadi degan umidimiz borligini ham izhor qilamiz.
Ko‘rsatuvdan so‘ng hofiz Sherali Jo‘rayev bilan suhbatlashdik, ko‘rsatuvdan shod bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizga minnatdorchiligini bildirdi va bu ezgu ishlarga sabab bo‘lib turgan yurt rahbari – prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni duo qilib turishlarini so‘radi.
«Ishimiz ko‘payib ketdi, shunaqa ko‘rsatuvlardan yana bir nechasiga takliflar bo‘ldi, − dedi Sherali Jo‘rayev. – Bu yoqda «Navro‘z» bayramiga yangi qo‘shiqlar bilan chiqadiganmiz, viloyatlarga konsertlar bilan borish, xalqimiz bilan bo‘ladigan uchrashuvlar rejalari tuzilgan».
El ardog‘idagi san’atkor Sherali Jo‘rayevga omadlar tilab, yurtimizda ana shunday yaxshiliklar, xursandchilikka sabab bo‘ladigan yaxshi ishlar, xushxabarlar ko‘payaversin deymiz.
Karimberdi To‘ramurod
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi