08:57 / 08.06.2018
6 505

Ozodbek Nazarbekov Islom Karimov bilan ilk muloqoti haqida...

Ozodbek Nazarbekov Islom Karimov bilan ilk muloqoti haqida...
Foto: «Mustaqillik-asoschisi.uz»
O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan ilk muloqoti tassurotlari haqida so‘zlab berdi.

Qilingan mehnatlar, ijod deya o‘tkazilgan bedor tunlar, chekilgan mashaqqatlar evaziga bu hayot millionlab insonlarni yaqinlarimga aylantirdi. Ijodkor uchun muxlislari bebaho boylik bo‘lsa, hukumat e’tibori va e’tirofi qo‘shaloq baxtdir.

Bundan o‘n yil muqaddam Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabuliga kirishga muyassar bo‘ldim. Yuragimda qandaydir shirin hayajon hukmron edi. Eshitajak har bir so‘zim xotiramda bir umrga muhrlanib qolishiga ishonardim.

Yurtboshimiz menga biroz ma’noli nigoh bilan tikilib turdilar-da, o‘ychan qiyofada bunday savol berdilar:

– Ozodbek, sen yaxshi san’atkorsan. Menga bir narsa qiziq, har gal sahnada qo‘shiq kuylaganingda, muxlislaring bilan ko‘rishganingda ularning ko‘zlarida nimalarni ko‘rasan?

Bir muddat jim qoldim. Bu, bir qarashda oddiy tuyulsa-da, o‘ta teran va o‘tkir ma’noli savol edi. O‘shanda savolga bir amallab javob bergan bo‘lsam-da, bu haqda keyinchalik chuqurroq mushohada qildim. Avvallari muxlislar bilan unchalik yaqin aloqada bo‘lolmaganim, balki ularning salobati bosib, ko‘zlarida aks etgan ma’nolarni boricha ilg‘ay olmaganimni anglab yetdim. Savolga to‘kis javob izlash asnosida muxlislar bilan yanada yaqinroq bo‘lish, ularning chin sirdoshiga aylanishga urindim. Ularning ko‘zlarida ertangi kunim, nimalarga ulgurdimu yana nimalar qilishim lozimligi, aslida qanday ijod qilish kerakligini ko‘ra boshladim. Bu nigohlar meni birdaniga ulg‘aytirib qo‘ygandek, har mahal to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi shamchiroqlardek edi.

Chindan ham, oradan bir necha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, har gal muxlislar bilan yuzma-yuz bo‘lganimda beixtiyor Yurtboshimiz bergan o‘sha savol qulog‘im ostida jaranglagandek bo‘ladi. Muxlislar nigohi va o‘sha savol menga tog‘dek kuch bag‘ishlab, olg‘a yurishga, ona Vatanga butun vujudim bilan xizmat qilishga, yurtimiz madhini balandroq pardalarda, kattaroq sahnalarda – butun dunyoga tarannum etishga undayveradi.

Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston madaniyat vazirining
birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq artisti


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozodbek Nazarbekov Islom Karimov bilan ilk muloqoti haqida...