21:46 / 08.06.2018
3 992

«Kattalangar Qur’oni» qanday qilib Rossiyaga borib qolgan?

«Kattalangar Qur’oni» qanday qilib Rossiyaga borib qolgan?
Foto: Rustam Jabborov. Xalqaro kongressdan lavha
Rossiya fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari institutida O‘zbekistonga oid nodir qo‘lyozmalar namoyish etildi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida, asov Neva daryosi sohilida Rossiya fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti joylashgan. Bu dargohda O‘zbekistondan keltirilgan yoxud o‘zbek xalqining boy madaniy merosiga taalluqli o‘nlab bebaho qo‘lyozmalar saqlanadi. Ulardan biri milodiy VIII asrda arab alifbosining ko‘fiy-hijoziy xatida ko‘chirilgan Qur’oni karim nusxasidir. Qo‘lyozmaning bir nechta sahifasi O‘zbekistonda, Qashqadaryo viloyatida, Toshkent va Buxoro shaharlarida saqlanmoqda. Qolgan sahifalar qayerda ekani ayni paytgacha noma’lumligicha qolayotir.

Ma’lumotlarga ko‘ra bu kitob bir paytlar Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Kattalangar qishlog‘ida, tasavvufdagi ishqiya tariqati shayxlari xonaqohida saqlangan. Shu bois ushbu qo‘lyozma ilmiy jamoatchilik orasida «Kattalangar Qur’oni» nomini olgan. Kitobning katta qismi – 81 sahifasi qanday qilib Rossiyaga borib qolgani haqida ham turli-tuman taxminlar mavjud. U Sharq qo‘lyozmalari institutiga o‘tgan asrning 30-yillari oxirida keltirilgan.

Keyingi yillarda bir qator olimlarning ilmiy izlanishlari, zamonaviy tekshiruvlar natijasida O‘zbekiston va Rossiyada saqlanayotgan sahifalar aynan bitta qo‘lyozmaning tarkibiy qismlari ekani, ular chindan ham bundan o‘n uch asr muqaddam ko‘chirilgani aniqlandi. Mutaxassislarning fikricha, u Qur’oni karimning islom olamidagi eng qadimiy va mo‘’tabar nusxalaridan biri hisoblanadi.

2017 yilda «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» loyihasi doirasida Yevropa texnologiyalari asosida «Kattalangar Qur’oni»ning faksimile nusxalari yaratildi. Mazkur nusxalar o‘tgan vaqt davomida mamlakatimizdagi bir qator ilmiy va diniy muassasalarga tarqatildi.

Ushbu nusxalardan bir nechtasi «O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l» ikkinchi xalqaro kongressi doirasida Sankt-Peterburgga keltirildi. Ulardan biri qo‘lyozmaning asl nusxasi saqlanayotgan Sharq qo‘lyozmalari institutiga sovg‘a qilindi.

– Bir qarashda bu biroz g‘alati tuyulishi mumkin, — deydi loyiha rahbari, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov. – Avvalo bu ushbu nodir qo‘lyozmadan nusxa olish imkonini bergan institut rahbariyatidan minnatdorligimiz ifodasi. Qolaversa, mazkur qo‘lyozmani tadqiq qilmoqchi bo‘lgan olim va mutaxassislar uchun faksimile nusxasi juda qo‘l keladi. Asl nusxa esa institutning bebaho xazinasi sifatida daxlsizligicha qolishi lozim.

O‘zbekistondan borgan delegatsiya a’zolari institutga O‘zbekistondagi madaniy yodgorliklar va ulardagi bitiklar haqida hikoya qiluvchi «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar» kitob-albomlar to‘plamini ham tuhfa qildi.

— O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalarni haqiqiy ma’noda institumizning faxri deb ayta olamiz, – deydi Rossiya fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova. – O‘zbekiston hukumati va ilmiy jamoatchiligining o‘z xalqi madaniy merosini tadqiq etishga qaratilgan tashabus va harakatlari tahsinga loyiq. Bizning institutimiz eshiklari o‘zbekistonlik mehmonlar, tadqiqotchilar, olimlar uchun hamisha ochiq. Siz bilan hamkorlik qilishdan hamisha mamnuniyat hissini tuyamiz.

Sankt-Peterburgda o‘tayotgan «O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l» ikkinchi xalqaro kongressi doirasida mazkur ilmiy dargohda «Sharq qo‘lyozmalari institutida Sharq kitobat san’atining nodir durdonalari» nomli ko‘rgazma ham tashkil etildi. Ko‘rgazma ishtirokchilariga «Kattalangar Qur’oni»ning asl nusxasi sahifalari, Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Alisher Navoiyning «Kulliyot»i, «Lisonut-tayr», «Vaqfiya» singari asarlari, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon singari shaharlarimizda yaratilgan kitobat san’atining nodir namunalari namoyish etildi.
Manba: Xabar.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)