43 704
Diana Yagafarova bilan eksklyuziv suhbat: «Men o‘tgan kunimdan minnatdorman!..»(foto)
«Super kelinchak» filmi orqali xalqqa tanilgan Diana Yagafarova ko‘pchilikning qalbidan joy olgan edi. Aktrisa teleekranda porlay boshlagandan so‘ng uni tanimagan odam qolmadi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ammo omadning yuqori cho‘qqisiga chiqa boshlagan aktrisa barchasini tark etishga qaror qildi. Sevimli insonidan oila qurishdek jiddiy taklifni olgan aktrisa, bu taklifni qabul qildi va o‘zini oilaga bag‘ishladi. Mana, salkam 10 yildirki, Diana va Murod Yunusxo‘jayevlar baxtiyor oilalar qatorida birga yashab kelishmoqda. Ularning turmush qurishgani haqidagi xabar tarqalganiga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Diana va Murod ikki o‘g‘ilni voyaga yetkazishayotgani hamda kelajakdagi maqsadlari haqida quyida aytib berishdi.
Ko‘pchilik, Diana Yagafarova shou-biznesdan ketganiga deyarli bitta sababni keltiradi. Aktrisaning rejissyor bilan aloqalari tufayli ancha-muncha gap-so‘z tarqalgani ham rost. Xo‘sh, Diana Yagafarova kino olamini tark etishiga chindan mish-mishlar sabab bo‘ldimi?
Eslatib o‘tamiz, Diana ijrosidagi «Super kelinchak» (2008) «Tashlandiq» (2008) «Zirapcha» (2009) filmlari tomoshabinlar tomonidan ancha iliq kutib olingan edi.
— Diana, mana, 10 yildirki, siz haqingizda hech qanday xabar eshitmadik. Sizning yo‘qolib qolishingiz nima bilan bog‘liq, oydinlik kirita olasizmi?
— Hayotimning o‘tgan yillari davomida qaror qabul qilishimga to‘g‘ri keldi. Mening O‘zbekistondagi aktrisalik kareram o‘z cho‘qqisiga chiqqach, men yana-da yuqoriroq marralarni, sahnalarni zabt etishni istadim va shu vaqt mobaynida sevimli insonim — turmush o‘rtog‘imni uchratdim. Oldimda ikki yo‘l turardi: chetga chiqib, aktrisalik faoliyatimni davom ettirish yoki o‘zimni oilaga baxsh etish. Men uchun barcha ayollar singari yo‘l kunday ravshan edi va men o‘z oilamni barpo etib, mehribon ona hamda sevimli rafiqa bo‘lishni tanladim.
— Shuncha vaqtdan buyon nimalar bilan shug‘ullandingiz? O‘zingiz uchun qandaydir mashg‘ulot topgandirsiz?..
— Mening butun boshli hayotim — san’at va men shu paytgacha nima bilan shug‘ullangan bo‘lsam, hammasi san’at bilan o‘zaro chambarchas. Men «3Ds Max» dasturidagi dizayner interer kursini tamomladim. Ayni shu dam, tanlagan yo‘nalishimda sobitqadam turishim, o‘sha muhitni chuqurroq his etishim uchun arxitektura institutida o‘qishim kerakligini tushunib yetdim. Lekin erim ikkimiz uzoq vaqt kutgan baxt, ya’ni homilador ekanimni bilgach, o‘qish borasidagi qarorimni biroz ortga surdim. Shu bilan birinchi farzandim Temur dunyoga keldi. Ikki yildan keyin esa ikkinchi o‘g‘lim Amirsaid tug‘ildi. Homiladorlik ta’tili paytida ham nimalardir qilishga urinib ko‘rdim. Soch turmaklashga doim qiziqqanim bois, bu yo‘nalishda ham o‘zimni sinadim. Lekin barcha boshlagan yangi ishlarim oldida «ammo» degan qo‘shimcha ham turardi. Mudom menga nimadir yetishmasdi.
— Demak, siz shuncha payt o‘zligingizni ham qidiribsiz-da?
— Ochig‘ini aytsam, o‘zligimni topish oson bo‘lmadi. Chunki qandaydir davrda men bu men ekanimni tan olishni istamadim. Meni taniydigan odamlardan qochishga urindim. Ko‘cha-ko‘yda yurganimda ham mendan «Siz «Super kelinchak» kinosida rol ijro etgan aktrisa emasmisiz?» deb so‘rab qolishar, men esa bunday film haqida endi eshitayotganimni va u aktrisa men emasligimni aytardim. O‘zimni noqulay his etishim yetarlicha uzoq muddatga cho‘zildi, lekin aytishganidek, vaqt hamma narsaga davo. Ajoyib kunlarning birida menga yana «Sizdan bir narsa so‘rasam bo‘ladimi?» deya murojaat qilishdi. Men esa «Ha, bu men!» deya javob bera oldim va angladimki, o‘tmish bu o‘tmish, bari ortda qoldi.
— Oilaviy hayotingiz haqida gapirib bering…
— Qisqacha qilib aytadigan bo‘lsam — mening omadim keldi! «Super kelinchak» obrazimdagi talqin o‘z-o‘zidan real hayotga ham ko‘chdi, deyishim mumkin. Filmdagi juda ko‘p holatlarga o‘z shaxsiy hayotimda ham duch keldim.
— Eringiz bilan tanishuvingiz qanday kechgan?
— Biz do‘stlar davrasida, Yangi yil bayramidan so‘ng restoranda tanishib qolganmiz. Murod menga uylanmoqchi ekanini tanishuvimizga hech qancha bo‘lmay aytdi. Aytishganidek, taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Hech qancha vaqt o‘tmay biz oila qurdik va mana, salkam o‘n yildirki, birgamiz, ikki farzandni tarbiyalab kelayotgan baxtli oilalardan birimiz.
— Munosabatlaringiz nimaning asosiga qurilgan, deb hisoblaysiz?
— Bizning turmushimizga ancha yil bo‘ldi va har safar biz bir-birimiz uchun yaratilganimizni his etamiz. Mas’uliyat hissi oshdi, aniqrog‘i, ikki marotabalab. Eng muhimi, bizning oila ishonch va hurmat asosida bunyod etilgan.
— Sizlar qanday ota-onasiz? San’at olamiga o‘g‘illaringiz ham kirishini istarmidingiz?
— Birinchi navbatda, biz avvalo, o‘zimizni tarbiya qilamiz, bolalar esa bizdan o‘rnak olishadi. Biz tarbiya jarayonida qattiqqo‘l va mehribon militsiya xodimlaridek o‘zimizni tutishga harakat qilamiz. Bolalarning san’at bilan bog‘liq qiziqshlarini qo‘llab-quvatlaymiz.
— Diana, ochig‘ini ayting, sahnani sog‘indingizmi?
— Sog‘indim! Va boshqa sog‘inish niyatida emasman. O‘zimni anglash mobaynida shuni tushunib yetdimki, men uchun hech qaysi mashg‘ulot sahnaning o‘rnini bosa olmas ekan.
SIZGA BIR SIRNI AYTSAM, BU YIL MENING QAYTISh YILIM BO‘LADI!
— Murod, siz bunga qanday qaraysiz?
— Bu borada mening tuyg‘ularim, xotirjam. Albatta, o‘tgan o‘n yil davomida, Diana doim yonimda bo‘lishiga ko‘nikdim: bolalar tarbiyasi, uydagi osoyishtalik deganlaridek. Kinomotografiya esa doimiy bandlikni talab etadi: suratga olish jarayonlari, repetitsiya va hokazo. Lekin shuni aytishim kerakki, Diana nihoyatda san’atsevar odam. Uning bu qaroriga qarshilik qilish, iqtidorini cheklash bu uni bo‘g‘ish bo‘ladi, xolos. Shu sababdan, men uning ushbu qaroriga qarshi emasman. Aksincha, uni qo‘llab-quvvatlayman, yangi qadamlar tashlashida yordamchi bo‘laman.
— Diana, siz o‘zingizning qaytishingizdan nimalarni kutyapsiz?
— O‘tgan o‘n yil meni juda ham o‘zgartirdi. Hozir men yangidan-yangi tuyg‘u va hayajon bilan to‘lib-toshganman. Bu yerda mening ona ekanligim ham katta ahamiyat kasb etsa kerak. Men endilikda bu dunyoga, eng qadrdon himoyachilarim nigohi ila qarayapman va tomoshabinlarga ham yetkazmoqchi bo‘lgan nimadirlar bor menda. Maqsadim, keyingi yil bo‘lib o‘tadigan «Kann» festivalida mamlakatimning yuzi sifatida qatnashish. Hech kimga sir emaski, O‘zbekiston ham endi bu borada o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin. Bizning kinomotografiyamiz ham o‘z o‘rnini sifat, asl san’at darajasida topishga urinayotgani meni juda quvontirmoqda.
— Agar sizda o‘n yil ortga qaytish imkoni bo‘lganida, o‘zingizga qanday muhim maslahat bergan bo‘lardingiz?
— Vaqtni ortga qaytarish mumkin bo‘lgan kashfiyot hali topilmagan. Mening nazdimda bu ajoyib ham. Bu har bir lahzaning qadriga yetish kerakligini o‘rgatadi. Shu sabab men hech qanday maslahat bermagan bo‘lardim. Men o‘tgan har bir kunimda minnatdorman. Nima bo‘lishidan qat’i nazar — barchasi yaxshilikka!
Diana Yagafarova tomoshabinlarni sog‘inganini alohida e’tirof etdi. Xo‘sh, odamlar-chi? Ular Diananing katta sahnaga qaytishiga qanday qarashmoqda? Biz ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim fikrlarni e’tiboringizga havola etamiz.
«leyla_ucar0529»: «Qaytsin, albatta, odamlarning gapiga e’tibor bermasin. Hamma xato qiladi! Xatosiz faqat Yaratgan egam»
* * *
«jxushmatov»: «Meni o‘ylantiradigan bir narsa bor: Diananing ikki o‘g‘li ulg‘aysa, onasi haqida tarqalgan shuncha gap-so‘zga qanday munosabat bildirarkin?..»
* * *
«Azamat Somatov»: «Bu qiz hammamiz uchun o‘rnak bo‘lsin. Xudo ba’zi insonlarning gunohlarini berkitadi, ba’zilarnikini ochib, sharmanda qiladi. Shunday ekan, har bir ishimizni Yaratgan ko‘rib turganini unutmaylik!»
* * *
Elyorbek_993: «Ekranga chiqqan inson xalqqa tarbiyaviy nimadir berishi kerak, borini ham buzish uchun emas! Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz, agar chin dildan san’at uchun qaytmoqchi bo‘lsa qaytaversin, omad»
* * *
zahro19872: «Qaysi yuz bilan qaytadi? Juda qiziq!»
* * *
jojo_umida1986: «Sog‘indik! Uning kinosi hozirgacha sevib ko‘riladi. G‘iybatlar qurib ketsin, qaysi inson xato qilmagan».
«The Mag» jurnali asosida Mohigul DIYoRXO‘JAYeVA tayyorladi.
Manba: Hordiq.uz
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Metabolizm sekinlashganining belgilari