19:03 / 01.03.2019
6 588

Yuriy Stoyanov: “Ahloqsiz hazil – bu zerikarli va iqtidorsiz hazildir!”

Yuriy Stoyanov: “Ahloqsiz hazil – bu zerikarli va iqtidorsiz hazildir!”
Rossiyalik aktyor, rejissyor va “Gorodok” (Shaharcha maʼnosida, tahr.) yumoristik koʻrsatuvi yaratuvchilaridan biri Yuriy Stoyanov Sputnik nashriga bergan intervyusida kulgiga olib boʻlmaydigan mavzular borasida, chinakam yumorning bemaza shamadan farqi haqida hamda nima uchun oʻz-oʻzini senzura qilish senzuradan koʻra dahshatliroq ekanligi haqida gapirdi.

Shamani shama qilgan “MILLION”
“Oʻzbekkonsert” davlat agentligi estrada olamida astoydil bolalab ketgan “bemaza va uyatsiz hazillarga” qarshi kurashish maqsadida respublikada “Yumoristlar klubi”ni tashkil etish taklifi bilan chiqmoqda. Ushbu tashabbus qiziqchi Halima Ibragimova va “Bravo” komediya-guruhi bilan yuz bergan navbatdagi janjaldan keyin ilgari surilgan. Artistlar ijtimoiy tarmoqdagi uyatsiz gaplari, davlat litsenziyasi talablarini buzganliklari va dastur ssenariysidan chetga chiqqanliklari uchun litsenziyadan mahrum etilgan edilar.

Oʻzbekiston chinakam yumorning shamadan farqi, umuman qiziqchilik sohasini tartibga solish mumkin-mumkin emasligi haqidagi savollar bilan rossiyalik aktyor va rejissyor Yuriy Stoyanovga murojaat qildi.

Artist suhbat boshidayoq har bir alohida holat boʻyicha mamlakatda mavjud yuridik va axloq normalarini inobatga olgan holda qaror qabul qilinishi kerakligini aytib oʻtdi.

“Agar qonun buzilgan boʻlsa, har bir aniq holat boʻyicha ushbu janrning barcha vakillari emas, balki aniq shaxs javob berishi lozim. Oʻzbeklar – dono va saxiy xalq, ulkan tarixga ega, oʻylaymanki, ular bu holatni avvalo qonun, oʻzlarining madaniyati va eng yaxshi sifatlariga tayanib hal etadilar”, – dedi Stoyanov.

Aktyorning fikricha, sanʼatning har qanday turida, xususan, yumor janrida ham har qanday taʼqiq deyarli samara bermaydi, chunki hajviya sohasi oʻz shaxsiy qonun-qoidalariga koʻra rivojlanadi.

“Sanʼat – bu dengiz: uning oʻzi kemalarni choʻktiradi, taqdiriga yashash yozilganlarni – qirgʻoqqa, kimlarnidir – kimsasiz orolga uloqtiradi. Uning oʻzi «musor”ni qirgʻoqqa chiqaradi, oʻz-oʻzini tozalaydi. Lekin bu dengiz juda ifloslanib ketgan boʻlsa, qoʻshilaman, bu katta muammo. Lekin buni qandaydir cheklovlar bilan tartibga solish kerak emas. Bu oʻz-oʻzidan sodir boʻladigan holat. Iqtidorsizlar – uloqtiriladi, isteʼdod sohiblari qoladi», – deb qayd etdi artist.

Yumordagi shamalar va axloq qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan tuturiqsiz gaplar haqida toʻxtalar ekan, Stoyanov, har bir inson qaysi mamlakatda ekan, qaysi vaqtda va nimaning ustidan kulayotganini unutmasligi lozimligini taʼkidladi. Shu bois, millatning oʻziga xosligini unutmagan holda, anʼanalarga rioya etilishi kerak.

“Tuturiqsiz mutoyiba haqida oddiy formula mavjud: agar hazilda qandaydir axloqsiz gap boʻlib, usiz hazil – hazil boʻlmasa, demak bu yumor faqat leksikaga tayangan ekan. Agar bu soʻz jumlaga qandaydir joziba berib tursa, bu boshqa gap, albatta. Lekin global maʼnoda zamonaviy yumorning bosh muammosi – senzurasiz gaplarda, deb bilmayman. Tuturiqsiz hazil – bu zerikarli va iqtidorsiz hazildir. Doʻkon egalari, yomon rahbarlar, qaynona va santexnik haqidagi hazillar tuturiqsiz hazilga kiradi”, – dedi Stoyanov.

“Baʼzan oʻz-oʻzini senzura qilish – oddiy senzuradan koʻra dahshatliroq boʻlishi mumkin. Men oʻzim oʻziga nisbatan talabchan boʻlgan kishilar avlodiga kiraman. Oʻz-oʻziga nisbatan talabchanlik – sizni barbod qiladi, chunki siz oʻzingizga oʻzingiz taʼqiq qoʻyasiz. Shu bilan birga, elementar, umuminsoniy va oddiy qoidalar bor: kasallar, kambagʻallar va mahbuslar ustidan kulish mumkin emas. Xafa qilish va tahqirlash – bu bir xil narsamas. Odamlar oʻzlari xafa boʻlishadi, baʼzan arzimagan sabablar bilan, tahqirlash esa – bu atay oʻylab qilingan narsa. Ammo baʼzan bu omilik tufayli, inson yetarlicha taʼlim olmagani bois, kimnidir tahqirlaganini tushunmasa, bundan yomoni yoʻq”, – deya tushuntiradi aktyor.

Stoyanovga koʻra, saviyasi past, tahqirlash maʼnosiga ega sanʼat turi bilan taʼqiqlar emas, balki tarbiya va maʼrifat orqali kurash olib borish lozim.
“Tarbiya va taʼlim – bir qarashda unchalik sermahsul va tezkor natijani bermasada, lekin bu ushbu muammoni hal etishning asosiy yoʻlidir”, – deydi artist.

Stoyanovning fikricha, hukumat fikriga koʻra, saviyasi past va tuturiqsiz yumor-guruhlari chiqishlari zallarni toʻldirayotgan ekan, ularni taʼqiqlash kerak emas, balki madaniyat va sanʼatda bu holatga qarshi, zalni toʻldiradigan boshqa chiqishlarni yaratish lozim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yuriy Stoyanov: “Ahloqsiz hazil – bu zerikarli va iqtidorsiz hazildir!”