12:30 / 04.12.2019
3 504

Tohir Malik koʻrmay ketgan film yoxud yopiq premyeradan ochiq fikrlar

Tohir Malik koʻrmay ketgan film yoxud yopiq premyeradan ochiq fikrlar
Foto: “facebook.com”
“Avloniy” filmiga taklif qilishganida ustoz Tohir Malikni esladim. Rahmatli adibimiz hayotligida oʻzi haqida suratga olingan hujjatli film premyerasiga ham kelmagan, xastalanib qolgan edi. U kishidan boy meros qolgan ekanki, kinochilar ham, boshqa soha vakillari ham hali uzoq vaqt asarlaridan foydalanadilar.

Avval boshdan aytay: “Avloniy” maqtasa arzigulik film! Oʻzbek jadidlari haqida hikoya qiluvchi ilk kartina! Yaqin kunimizdan yozgʻirish emas, ammo bor gap: bunday filmlarni orzu qilardik. Nahotki, tarixdagi mashhur adiblarimiz, shoirlarimiz, ziyolilarimiz haqida badiiy film ishlanmaydi, deb oʻylanardik. Ochigʻini aytganda, uch yil burun ziyoli qatlam, ijod ahli bilan uchrashganida bunga prezident undadi, kinochilar oldiga tarixiy filmlar ishlash vazifasini qoʻydi. Natija chakki emas! Buni “Avloniy” va boshqa filmlar tasdiqlab turibdi.

Rejissyor Muzaffar Erkinov Tohir Malik asari asosida keng koʻlamli film olgan. Dekoratsiya, koʻrinish-manzara zamon ruhiga mos. Poyezd, avtomobillar, stansiya, karvon, qurol-aslahalar eski davrniki. Bundan tashqari, otishmalar, portlash, qon sahnalari tabiiy chiqqan. Eng eʼtiborga molik jihati – aksar aktyor va aktrisalar tomoshabinga notanish (yoki kaminaga shunday tuyuldi).

Demak, bu personajlar “Avloniylar” haqida yaxshigina taassurot qoldiradi, deyish mumkin. Masalan, men bosh rol ijrochisini tanimadim. Yaxshi oʻynabdi. Muhimi, uning Avloniyga oʻxshashligi. Qahramonining kimligi, ishlari, faoliyati, adashganligi, xatosi haqida nechogʻli anglab yetganini ochib bera olgan. Tez-tez xotiraga shoʻngʻigani, Munavvar qorining gaplarini eslab turishi yaxshi yechim!

Dangalini aytish kerak, Avloniy haqida koʻpchilik bilmaydi. U haqda eshitgan boʻlishi mumkindir, biroq oʻqigan deyish qiyin. Shu jihatdan ham mazkur film muhim ahamiyatga ega. Nachora, oʻtmishdagi bunday ziyolilarimiz haqida kinochilar orqali bilib olaveramiz, shekilli!

Film markazida ziyoli insonning tipik vakilini koʻramiz. Uning ilmi, aql-zakovati, dunyoqarashi, qoʻrqmasligi, dadilligi bor boʻyi bilan namoyon boʻladi. Film “silliq” davom etmaydi, dinamika bor, buni musiqa kuchaytirib boradi. Qahramonlar koʻp boʻlsa-da, ortiqchasi baribir yoʻq, hammasi oʻzaro bogʻlanib ketgan.

Ammo...

“Avloniy” filmi, asosan, bir voqeani izchil yoritgan. Toʻgʻri, yuqorida aytganimdek, oʻqtin-oʻqtin “kechagi kun” eslab turiladi. Biroq voqealar bitta oʻzanda kechadi. Oʻz paytida Amerikaning mashhur “Uzuklar hukmdori” filmi xususida qahramonlarning falon manzilga borgani rosa choʻzib yuborilgani tanqid qilingan edi. 2 soatu 10 daqiqalik “Avloniy”da ham shunday: qahramonlar ne-ne mashaqqatlar ila nihoyat Afgʻonistonga borib, tarixiy uchrashuvga doxil boʻladilar.

Ehtimol, safar tafsilotlarini qisqartirib, Avloniy yurtga qaytganini ekran ortidan shunchaki gapirib oʻtmay, uning keyingi faoliyatini namoyish etish, xatolarini anglab yetgani, ogʻir betoblanib vafot etgani, oilasi haqida voyealar silsilasida koʻrsatish kerakmidi? Balki bunday lavhalar ishlangandir ham. Chunki film aslida besh seriyadan iboratligi aytib oʻtildi. Biroq katta ekranda namoyish etish uchun qisqartirilgan 2 soatu 10 daqiqalik namoyish, ayniqsa, hozirgi yoshlar uchun koʻplik qiladi.

“Avloniy”ning xotimasi menga ruslarning Yesenin haqidagi filmini eslatib yubordi. Unda ham serial adogʻida boshqa qahramonlarning keyingi hayoti va oʻlimi bir-bir koʻrsatilib va aytib oʻtiladi.

Yana bir mulohaza... filmdagi choponlar bilan bogʻliq! Koʻcha-koʻydagi yoʻlovchilarda ham, keng maydondagi oʻtkinchilarda ham, uyga oʻt qoʻyayotgan odamlar egnida ham yap-yangi toʻnlar! Hurmatli kinochilar, eʼtiborli boʻlinglar, aks holda tarixiy filmingiz mohiyatiga putur yetib qolishi mumkin. Eʼtiborni asosiy mazmunga qaratish uchun ham bunday “mayda-chuyda”larga sinchkov boʻlish kerak. Demoqchimanki, kichik tuyulgan mazkur detallar tomoshabinni film mohiyatidan chalgʻitishi, hafsalasini pir qilishi ehtimoldan xoli emas...

Bu mening shaxsiy fikrlarim edi. Siz ham koʻring va oʻz fikringizni bildiring.
Anvar Namozov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Tohir Malik koʻrmay ketgan film yoxud yopiq premyeradan ochiq fikrlar