date
views 5 865

Ozodbek Nazarbekov qaysi gapi uchun tanqid ostida qolgan edi?

Ozodbek Nazarbekov qaysi gapi uchun tanqid ostida qolgan edi?
Foto: Behzod Abdujabborov / Madaniyat vazirligi
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov OAV xodimlari bilan uchrashdi. Anjumanda majburiy mehnat bilan bog‘liq masala ko‘tarildi. Vazir bu muammoni keng ko‘tarishda matbuotdan yordam so‘radi.

«Madaniyat xodimi majburan paxtaga olib chiqilishi haqidagi savolga javob bermoqchi emasman, balki shu muammoni hal qilib beringlar, demoqchiman. Chunki hozir bizdan ko‘ra siz — jurnalistlarda imkoniyat ko‘proq.
Bunday muammolar bizda juda ko‘p va ularni ko‘tarib chiqish shart. Bunisi endi matbuotning vazifasi.

Majburiy mehnat masalasida vazirlikka kelmasimdan avval gapirganman va tanqid ostida qolganman. Masalan, san’atkorlar ham paxta termasa-da, turli majburiy ishlarga jalb qilinadi, tadbirlarda xizmat qiladi. San’atkor uzoq viloyatga safar qiladi va unga na haq beriladi, na yotoq joy bilan ta’minlanadi. U o‘z hisobidan tadbirlarni o‘tkazib kelishga majbur. Bu muammoni hal qilishda matbuot faol bo‘lishi lozim. Men bu haqda gapirganimda baloga qolganman. «Shuncha pul topyapsan, yetmaydimi senga», — degan gaplarni eshitganman.

Jurnalistlar joylarga chiqsin, muzey xodimlari bilan suhbatlashsin. Ularda qanday muammolar borligini so‘ranglar.
Sohadagi muammolar ko‘tarilsa, biz ham o‘zimizni to‘g‘rilab olamiz. Tanqid — odamni o‘z ustida ishlashga majbur qiladi, o‘stiradi.

Madaniyat sohasiga ham islohot kerak va jamiyatning eng asosiy islohoti aynan shu sohada bo‘lishi kerak.
Mana hozir men Toshkentda o‘tiribman, ammo Farg‘onaning Besharig‘ida nima bo‘layotganini bilmayman. Butun soha muammolarini yetkazish sizning vazifangiz.

Agar vazir Farg‘onadagi holatni tekshirib kelish uchun yo‘lga chiqsa, boradigan joyda hammasini oldindan bilishadi. Men yetib borgunimcha hamma hujjatlar taxlab qo‘yilgan, muammolar yashirilgan bo‘ladi. Jurnalist esa hammasini ro‘y-rost ko‘rish imkoniyatiga ega. Tizimdagi kasalliklarni ochib berish — sizning vazifangiz.

Iltimos, madaniyat sohasiga e’tibor qaratinglar. Bu tizimdagi odamlar eng kam maosh oladi. Agar OAV ham madaniyatga qo‘l siltasa, qachon yaxshi bo‘ladi? Jurnalistlar tili bilan aytganda, bu soha «trend»ga chiqsa, o‘shanda islohotlar bo‘ladi. Vazirlik ishlasa ham, ishlamasa ham islohotlar bo‘laveradi. Hammasi jurnalistlar qo‘lida.

Vazirlikning yaxshi tomonini ko‘rsatish shart emas. Mayli, faqat tanqid qilinglar, yomonlanglar, asosiysi — madaniyat sohasi e’tibor markazida bo‘lsa bo‘lgani. Shunda rivojlanish bo‘ladi.

Madaniyat — eng muhim soha. Islohot qilish shart bo‘lgan soha ham aynan shu. Agar jurnalist o‘zini islohotchi deb bilsa-yu, madaniyat sohasiga e’tibor qaratmasa, demak — xiyonat qilmoqda. Chunki bu soha har doim e’tibor markazida bo‘lishi shart.

O‘shanda rivojlanish bo‘ladi. Sohada shunchaki mehnat daftarchasini to‘ldirib yurgan odamlar ishdan ketadi. Ularning o‘rnini bosadigan haqiqiy mutaxassislar keladi.

Agar boshqa soha vakillari «Meni tanqid qilmanglar», deb osh bilan mehmon qilsa, men aksincha, bizni ayovsiz tanqid qilinglar, demoqchiman», — deydi Ozodbek Nazarbekov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozodbek Nazarbekov qaysi gapi uchun tanqid ostida qolgan edi?