08:00 / 11.03.2021
2 350

Ozodbek Nazarbekov «Mendirman Jaloliddin» serialining birorta sahnasi O‘zbekistonda suratga olinmaganiga izoh berdi

Ozodbek Nazarbekov «Mendirman Jaloliddin» serialining birorta sahnasi O‘zbekistonda suratga olinmaganiga izoh berdi
Foto: «Daryo»
Toshkent shahridagi Hilton mehmonxonasida 8 mart, dushanba kuni «Mendirman Jaloliddin» seriali ijodkorlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan o‘tkazilgan uchrashuvda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov serialda nima uchun Xorazmdagi tayyor dekoratsiyalardan foydalanilmaganiga munosabat bildirdi, deya xabar bermoqda «Daryo».

«Serial boshida, ya’ni birinchi tizerda turk do‘stlarimiz ijodlari jo‘shib ketib, O‘zbekistonning bugungi arxitekturasini ham ko‘rsatib ketaylik, degan ma’noda Xivadagi Xo‘ja minordan grafikada foydalanishgan. Biz shunday o‘yladikki, ertaga turistlar kelganida o‘sha minorani ko‘radi. Vaholanki, u minora yaqinda qurilgan, u XIII asr minorasi emas.

Biz tizerni ommaga havola etganimizda bu qo‘lida ‘cho‘pi’ borlarga (ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy fikrlar bildiruvchilar – tahr.) juda qo‘l keldiki, internet o‘sha kuni portlay boshladi. ‘Senlar ahmoqmisanlar, aqllaring shunchalik ishlamaydimi, bugungi arxitekturani nega bu yerga qo‘yishyapsan?!’, degan ma’noda e’tirozlar bo‘ldi. Shundan so‘ng biz Turkiyada yangi dekoratsiya qilingani to‘g‘ri bo‘lganligiga yana bir karra ishonch hosil qildik. Yaxshi ham, hozirgi bor arxitekturadan foydalanmagan ekanmiz, degan fikrga keldik.

Lekin Xo‘ja minor grafikada yomon ma’noda qo‘yilmagan edi. Xorazmshohlar qal’asining umumiy ko‘rinishida shu minorani uzoqroqdan ko‘rsatsak ham, ertaga turistlar kelib, serialda tomosha qilgan minora oldida rasmga tushsin, bu ularda qiziqish uyg‘otsin, degan maqsadda bundan foydalanilgan edi
», — dedi Nazarbekov.

Foto: «Daryo»
Uning qo‘shimcha qilishicha, «Mendirman Jaloliddin»ning biror sahnasi ham O‘zbekistonda suratga olinmaganiga asosiy sabab budjet masalasi bo‘lgan.

«Gap e’tirozlarda ham emas. Undan avval serial budjeti nuqtai nazaridan O‘zbekistonda shuncha ish qilinishi uchun biz xohlaymizmi yoki xohlamaymizmi, butun boshli kinoindustriyani yurtimizga olib kelish masalasi turgandi. Minglab odamlarni bu yerda oylab ta’minlash masalasi va yashashi, texnikalarni ijaraga olib kelib, ularning bir necha oy bu yerda turishi, yo‘l xarajatlarini hisob-kitob qilganimizda mavjud budjetimizdan ancha-muncha oshib ketib qoldi. Bu ham sabab bo‘ldi.

Mehmed Bo‘zdag‘ boshchiligida Turkiyada juda qulay sharoit yaratilgan. Butun boshli kinoshaharcha barpo etilgan, u yerda hamma imkoniyatlar mavjud. Xuddi shu imkoniyatlarni o‘zimizda yaratish uchun, tabiiyki, serial budjeti hozirgidan yana bir necha marta qimmat bo‘lib ketardi. Hisob-kitoblarimizdan so‘ng Turkiyada suratga olishga qaror qildik.

Lekin, qaniydi, o‘sha pavilon O‘zbekistonda qurilganida, bu qaysidir ma’noda xalqimizga xizmat qiladigan muzey bo‘lib qolishi ham mumkin edi. Hali bunga ham kelamiz. Bu birinchi qadamlarimiz.

O‘zi bizning hamkorlikdagi maqsadimiz ham O‘zbekistondagi kinoindustriyani oyoqqa turg‘azish va uning sifatini yanada oshirish. Bu ishlar xohlaymizmi yoki yo‘qmi, hamkorlik orqali yuzaga keladi. O‘zimiz bularni hech kimning yordamisiz uddalaymiz, deb ayta olmaymiz. Chunki tajribasi biznikidan yuqoriroq bo‘lgan insonlarning, qaysidir ma’noda, ko‘magiga doimo muhtojmiz. Biz hozir qaysi sohani olishimizdan qat’i nazar, boshqa sohalarda ham hamkorlik orqasidan yutuqlarni qo‘lga kirityapmiz. O‘ylaymanki, kelgusida, albatta, O‘zbekistonda ham eng yuqori darajada kino mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, men bunga ishonaman
», — dedi madaniyat vaziri.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozodbek Nazarbekov «Mendirman Jaloliddin» serialining birorta sahnasi O‘zbekistonda suratga olinmaganiga izoh berdi