09:44 / 18.04.2021
3 025

Urganchda Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi aytilayotgan dunyodagi eng yirik bronza ot haykali o‘rnatiladi (video)


Urganchda dunyodagi eng yirik bronza ot haykali o‘rnatiladi. U Ginnesning rekordlar kitobiga kiradi, deb xabar berdi «Podrobno.uz»ga tayanib «Daryo».

Qayd etilishicha, Rossiyaning Jukovskiy shahridagi haykaltaroshlar dunyodagi eng yirik ot haykalini bronzadan quyish ishlarini tugatmoqda, faqat kichik detallari qolgan. Asos bilan birgalikda haykalning balandligi 25 metrni tashkil qiladi. U O‘zbekiston hukumatining buyurtmasi asosida tayyorlanmoqda va Urganch shahrida o‘rnatiladi.

Eng katta ot Mo‘g‘ulistonda Chingizxon haykali bilan birga o‘rnatilgan. Uning balandligi 50 metrni tashkil qiladi, ammo u bronzadan yasalgan emas. Urganchga o‘rnatilayotgan yodgorlik Ginnesning rekordlar kitobiga bronzadan yasalgan eng katta ot sifatida kiradi.

«Aslida, buyurtmachilar otni dunyodagi eng kattasi bo‘lishini istamagan. Yo‘q, bunday emas edi. Agar ular eng katta otni istaganda, 50 metrlik otga buyurtma berishlari mumkin edi. Bu (25 metrlik ot) shaharning maydoni uchun, aynan o‘sha me’moriy muhit uchun maqbuldir», – deya ta’kidladi loyiha muallifi Vitaliy Kazanskiy.

Yodgorlikda faqat otning o‘zi bo‘lmaydi. Uning ustida mo‘g‘ullarga qarshi kurashgan O‘zbekiston xalq qahramoni Jaloliddin Manguberdi siymosi bo‘ladi.

«Hech kim hech qachon bunday miqyosdagi otlarni yasamagan. Biz Turkiya uchun biroz kichikroq ot yasagan edik. Buyurtmachilar u otni ko‘rishdi va biz bundan ham ko‘proq qilishimiz mumkin, degan qarorga kelishdi. Ikki yildan beri loyiha ustida ishlaymiz. Mualliflar haykalning bir nechta variantlarini taklif qilishdi. Natijada yakuniy versiyani O‘zbekiston Prezidenti shaxsan tasdiqladi», – dedi Lit Art kompaniyasi bosh direktori Aleksandr Ustenko.

Eslatib o‘tamiz, Urganch markazida Jaloliddin Manguberdi haykali va tunnel qurilishi ma’lum qilingandi. Tunnel aeroport va temir yo‘l vokzalini bog‘lab turuvchi Al-Xorazmiy ko‘chasidan va Qirg‘izyop kanali ostidan o‘tadi. Tunnel qurilishi munosabati bilan shaharning bir qator ko‘chalari va chorrahalarida transport harakatini tashkil etish qayta ko‘rib chiqiladi. Loyihani qachonga yakunlash rejalashtirilgani va uning qiymati qanchaligi haqida ma’lumot berilmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Urganchda Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi aytilayotgan dunyodagi eng yirik bronza ot haykali o‘rnatiladi (video)