20:00 / 11.07.2021
4 115

Jahongir Otajonov «siyosatdan chekingani» va onasi uchun konsert bermoqchi ekanini ma’lum qildi


Jahongir Otajonov «hozircha siyosatdan chekinadi» va onasi sharafiga konsert dasturini taqdim etadi. Bu haqda u Instagram’dagi sahifasi orqali qilgan videochiqishida ma’lum qildi — jonli efirda xonandaning onasi ham qatnashgan.
"15 kun bo‘ldi, siyosiy masalada efir qilmadim. Har efir qilganimda onamning umri besh yilga kamayib ketayotgandi. Ota-onamning har kuni yig‘lab o‘tirishi menga qimmatga tushyapti. Hatto ertaga prezident bo‘lib qolsam ham ota-onamga bir narsa bo‘lsa, tatimaydi.

Shuning uchun men butun jamoatchilikdan uzr so‘rayman — hozircha bu siyosatdan chekinib turaman. Butun jamoatdan, barcha vatandoshlardan, siyosatchilardan, partiyachilardan uzr so‘rayman. Hozircha bu ishni davom ettira olmayman.

Ota-onamning har kuni bir o‘lib-tirilishini ko‘rish meni charchatdi. Olti oy bo‘ldi: ota-onamni ko‘ndiraman deb har kuni kurashdim. Siyosiy faoliyat oson emas ekan, bu narsa ularni juda charchatdi.

Mendan rozi bo‘linglar. Bu yilgi prezident saylovida hammaga omad tilayman. Nimaiki bo‘lsa, xalq foydasiga bo‘lsin, biz duodamiz. O‘z ishimizni davom ettiramiz
", - dedi Jahongir Otajonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yaqin vaqt ichida «Onam uchun» deb nomlangan konsert dasturini taqdim etishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, Jahongir Otajonov 2020 yil oxirida «sha’riyatga to‘g‘ri kelmagani uchun» san’atdan ketganini e’lon qilgan edi. Yanvar oyi boshida esa Jahongir Otajonov navbatdagi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng u rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagan «Xalq manfaatlari» partiyasiga a’zo bo‘ldi, fevral oyida esa «partiya vakillari bilan bo‘lgan tushunmovchiliklar tufayli» partiyani tark etdi.

May oyida sobiq xonanda Turkiyadan O‘zbekistonga qaytdi va «Erk» muxolifat partiyasi faoliyatini qayta tiklashni rejalashtirayotganini bildirdi. May oyi oxirida u «BBC O‘zbek» nashriga bergan intervyusida partiya yig‘ilishi vaqtida uyiga bir guruh erkak va ayollar bostirib kirganini aytgan.

Iyun oyida esa videochiqishlarining birida hujjatsiz rulga o‘tirgan ukasining mashinasini jarima maydonchasiga joylashtirib qo‘ygan ichki ishlar xodimlarini «davlat va xalq xoinlari» deb atadi, keyinroq bu so‘zlari uchun uzr so‘rab chiqdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Jahongir Otajonov «siyosatdan chekingani» va onasi uchun konsert bermoqchi ekanini ma’lum qildi