16:01 / 30.07.2021
4 835

Kolumbiyalik taniqli xonanda Shakira oltita jinoyatda ayblanmoqda


Foto: Pinterest
Barselona prokuraturasi soliq to‘lamaganlikda gumon qilingan xonanda Shakiraning ishi bo‘yicha uch yillik tergovni yakunladi. Prokuratura 44 yoshli xonandaning 14,5 million yevro miqdorda soliq to‘lamaganini, buning uchun u qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkinligini da’vo qilmoqda, deb yozadi Hromadske.

Prokuratura 44 yoshli qo‘shiqchini oltita jinoyatda ayblamoqda. Ta’kidlanishicha, Isabel Mebarak Ripoll (qo‘shiqchining asl ismi) 2012, 2013 va 2014 yillarda Ispaniyada soliq to‘lashni to‘xtatgan.

Shakiraning ma’lum qilishicha, u o‘sha yillarda Bagamada yashagan va Ispaniya fuqarosi bo‘lmagan, faqat vaqti-vaqti bilan mamlakatga tashrif buyurgan. Shundan so‘ng sudya Shakirani 14,5 million yevro to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblab, sudga tortish uchun asoslar bor, degan xulosaga keldi.

Shakiraning o‘zi ilgari 2012–2014 yillarda u shaxsiy daromad solig‘i to‘lanmaydigan Bagamada bo‘lganligini va rezident maqomini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni taqdim etishi mumkinligini tushuntirgan.

Ammo soliq idoralari ushbu bayonotni rad etmoqda: ularning aytishicha, 2010 yildan beri qo‘shiqchi futbolchi Pike bilan uchrashgan va u bilan Barselonada yashagan. Shakiraning konsertlar tufayli gastrol qilganini soliq xizmati «vaqti -vaqti bilan sayohatlar» deb hisoblaydi. Shuningdek, ular  aslida xonandaning 2012–2014 yillarda Bagama orollarida yashaganligi to‘g‘risida hech qanday dalil yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

Qayd etilishicha, Shakira Barselona sudiga murojaat qilmoqchi. Tergov paytida xonanda aybini tan olmadi. U 2011 yildan 2014 yilgacha Ispaniyada yashaganini rad etgan.

Bundan tashqari, qo‘shiqchi o‘z daromadlarini yashirish uchun ko‘plab ishlab chiqarish kompaniyalardan foydalanishda ayblanmoqda. Hammasi bo‘lib qo‘yilgan oltita ayblov isbotlansa, u qamoq jazosiga hukm qilinadi.

44 yoshli Shakira kolumbiyalik qo‘shiqchi va musiqachi, uni Lotin Amerikasi musiqasi malikasi deb atashadi. U ijodiy faoliyatini 13 yoshida boshlagan va ispan tilida so‘zlashadigan mamlakatlardan birinchi bo‘lib mashhurlikka erishgan.

Shakira 145 tarona, yetti studiya va uchta jonli albom muallifi. Dunyoda 75 milliondan ortiq nusxada qo‘shiqchining albomlari sotib olingan, bu uni dunyodagi eng muvaffaqiyatli ijrochilarga aylantirdi. Shakiraning uchta «Gremmi», to‘rtta MTV Video Music Awards mukofoti, Ginnesning oltita rekordi va Gollivuddagi Shon-sharaf xiyobonida yulduzi bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Kolumbiyalik taniqli xonanda Shakira oltita jinoyatda ayblanmoqda