16:52 / 01.10.2021
1 897

Ozodbek Nazarbekov: «Musiqa maktabiga qatnashga imkonim bo‘lmagani uchun eshik tirqishiga qulog‘imni qo‘yib, darsni tinglardim»

Ozodbek Nazarbekov: «Musiqa maktabiga qatnashga imkonim bo‘lmagani uchun eshik tirqishiga qulog‘imni qo‘yib, darsni tinglardim»
Foto: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati
O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida uning musiqaga qiziqishini payqab, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan ustozi haqida so‘zlab berdi.

- "Meni musiqa fanini o‘zlashtirishim juda ham o‘ziga xos, juda ham qiziq shaklda o‘tgan. Juda katta oila bo‘lganmiz, oilamizda yetti farzand edik. Deyarli hammamiz voyaga yetmagan paytimizda onam dunyodan o‘tib qoldilar. Hayotimizda juda katta iqtisodiy qiyinchilik davri bo‘ldi. Yaxshi eslayman, musiqa maktabimizga 12 so‘m badal puli to‘lash kerak edi, o‘shani to‘lash ham oilamizga og‘irlik qilar edi.

Rubob olish katta orzum bo‘lgan. Akmaljon degan sinfdoshim bo‘lgan. U o‘sha musiqa maktabiga borardi. Akmaljonning musiqa maktabida darsi bo‘lgan kuni maktabga rubobini ko‘tarib kelardi. U rubobini olib kelgan kun men uchun bayram edi. Meni musiqa maktabining sinfiga kirgizishmas edi. Kalitning tirqishiga qulog‘imni qo‘yib, berilgan darslarni yodlab olib, yodlagan kuylarim esimdan chiqib qolmasligi uchun maktab koridorida u yoqdan bu yoqqa g‘ing‘illab, takrorlab o‘tirardim. Sinfdoshim darsdan chiqishi bilan rubobini olib, xotiramdagi kuyni rubobda chalib ko‘rib, qo‘limga ko‘chirardim. Darsdan so‘ng uyga qaytardim, uyga qaytgach mahallamizdagi boshqa bir bolaning rubobini olib, unda shug‘ullanib, darslarni o‘zlashtirardim.

Hatto oxirgi vaqtlar shunday bo‘ldiki, musiqa maktabidagi Sobirjon aka degan ustozimiz maktabga pul to‘lolmaganimga ham ko‘z yumib, «Kirib, oxirgi partada bo‘lsa ham o‘tiraver», dedilar. O‘sha vaqtda shunaqa baxtli edimki, men uni byurokratiyasi bilan nima ishim bor, men o‘qiyapman, menga shu kerak edi. Shanba va yakshanba kuni ustozning uylariga borardim. U kunlarni kutib yashardim. Chunki ustozimning uylarida barcha musiqa asboblari bo‘lardi. Ustozlarimiz behikmat insonlar bo‘lishmagan. Avval bir ish berardilar, o‘sha ishni bajarganimizdan keyin ikki soat soz chalishga ruxsat berganlar. O‘sha kuni mendan baxtli inson bo‘lmagan.

Bugun imkoniyat yo‘q, deyish uchun uyalish kerak. Inson oldiga katta maqsad qo‘yib intiladigan bo‘lsa, bugun hamma shart-sharoitlar bor.

Ustoz qaysar bo‘ladimi, u jiddiy odam bo‘lishi mumkin, fe’li og‘irroq bo‘ladimi, shogird uchun undan bilim olish oliy maqsadmi, qay yo‘l bilan bo‘lsa ham ustozlarni tilini topishimiz kerak.

Inson jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun o‘ziga o‘zi yordam berganchalik hech kim unga yordam bermaydi, hattoki ota-ona ham unga bu masalada yordam bera olmaydi", - deydi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozodbek Nazarbekov: «Musiqa maktabiga qatnashga imkonim bo‘lmagani uchun eshik tirqishiga qulog‘imni qo‘yib, darsni tinglardim»