14:16 / 02.01.2022
2 218

Dildora Niyozova: "Bugungi sahna haqida biror narsa deyishga haqli emasman! Sababi qachonlardir men ham shu oqimda edim..."

Dildora Niyozova: "Bugungi sahna haqida biror narsa deyishga haqli emasman! Sababi qachonlardir men ham shu oqimda edim..."
1978 yil Toshkent shahrida dunyoga kelgan Dildora Niyozova ko‘p yillardan buyon muxlislari tomonidan samimiy ijodkor sifatida e’zozlab kelinadi. Xonanda shu kungacha olti marta “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida yakkaxon konsert dasturini taqdim etgan. Uch yuzdan ziyod mualliflik qo‘shiqlarini yozgan.

— Dildora opa, siz haqingizda “Anchadan buyon ijod qilmayapti” deya fikr bildirishmoqda…
— Yaratganga shukrki, men ijoddan to‘xtaganim yo‘q. Shunchaki hayotimdagi o‘zgarishlar sabab ijod namunalarimni faqat ijtimoiy tarmoqlar orqali muxlislarga yetkazib boryapmiz. Avvalgidan farqli ravishda ezgulik haqidagi qo‘shiqlarga, salavotlarga ko‘proq urg‘u beryapman, xolos. Yaratgan umr bersa, men go‘zal xonishlardan to‘xtamayman.

— Yigirma yil avvalgi sahna va bugungi sahna. O‘zbek san’ati ko‘z oldingizda nimalarni yo‘qotdi?
— Bilmadim, men bu borada biror narsa deya olmayman. O‘zimdan qo‘shib, ortiqcha gapirishni istamasdim. Sababi ayni damda men sahnada emasman. Umuman olganda, hozirgi ijodiy jarayonni kuzatishga vaqtim ham yo‘q. O‘z yo‘nalishim, oila, bolalarim bilan ovoraman. Solishtirishga, vaziyatlarga baho berishga o‘zimni haqli, deb hisoblamayman desam, to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Chunki biz ham bir paytlar ayni shu oqimda oqqanmiz, shunday ijod qilganmiz. Hamma narsa o‘zining zamonasiga qarab bo‘lsa kerak-da.

— Ijtimoiy tarmoqlar ommalashmasidan oldin muxlislar kuyunchakroq edi. Bugungi tinglovchi esa bevaforoqday tuyulmaydimi sizga?
— Inson astoydil yaxshi ko‘rib ijod qilsa, o‘sha ijrosi baribir muxlisga yetib boradi. Ana shunda ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarga ham unchalik hojat bo‘lmaydi. Men bu borada tinglovchilarni ham ayblay olmayman. Chunki hozir juda ham san’atkor ko‘p, tanlash imkoni keng. Oldinlari ijodkor u qadar ko‘p bo‘lmagani sabab muxlislar chindan kuyunchakroq edi. Ularning muhabbati, vafosi kuchli edi. Shou-biznesga intilib, bu yo‘lda yuraman desangiz, juda qiyin. Xonanda o‘z yo‘nalishiga ega bo‘lishi kerak. Shunda haqiqiy san’atkor darajasiga erishib, muxlislar qalbidan joy oladi.

— Bolalikdagi og‘riqlaringiz ham yo‘q emas ekan…
— Menimcha, har birimizda bolalikdan qolgan og‘riqlar yo‘q emas. Ba’zan o‘ylab qolaman, aynan o‘sha og‘riqlar tufayli ham ehtimol shu darajagacha ko‘tarilgandirman. Bolaligimda sinfdoshlarim men bilan bir partada o‘tirishni istamasdi. Ustozim menga “Sendan pol artuvchi chiqsa ham katta gap” deganida, uyga yig‘lab borganman. O‘shanda beg‘uborlik bilan Xudoga nola qilgandirmanu va bu nolalarimni Yaratgan eshitgandir…

— Eshitishimizcha, milliarder Alisher Usmonovning marosimlari sizning ishtirokingizsiz o‘tmas ekan…
— O‘tmas edi. Avval. To‘g‘risi, internet tarmoqlarini muntazam kuzatmaganim uchun u insonni yaxshi tanimas edim. Viloyatma-viloyat to‘ylarda yurganmiz-da. Keyin turmush o‘rtog‘im “Bu insonning kimligini bilasanmi, dunyoning eng boy odamlaridan biri”, dedilar. Bir kuni xizmatga borganimizda “Hamma jim bo‘lsin”, deb butun davra tinchlangandan so‘ng ijodim haqida juda ham yaxshi fikrlarni, tilaklarni bildirdilar. “Seni ko‘rishim kerak” deb nomlangan taronam bo‘lardi, Alisher Usmonov ushbu qo‘shig‘imni juda yaxshi ko‘rib tinglardilar. Bir tadbirlarida shuni yigirma martalab kuylaganman.

— Dildora Niyozova hozir to‘ybop, sho‘x qo‘shiqlardan butkul voz kechdimi?
— Yo‘q! Shaddod qo‘shiqlardan butkul voz kechdim, deb aytsam yolg‘on bo‘ladi. Bunday deya olmayman. Aslida voz kechaman, deb o‘ylagandim. Jahl chiqqanda aql ketadi deganlaridek orada stressga tushganimda turli xil qarorlarga kelishimga oz qoldi. Hozir sevgi-muhabbat haqida kamroq kuylashga harakat qilyapman. Shunga qaramay, men baribir san’atkorman va bundan or qilmayman. To‘ylarga borganda ham sho‘x qo‘shiqlar bilan davradagilarni o‘yinga chorlayman. Albatta, faqat ayollar bor davralarda ularning ko‘nglini olishga intilyapmiz. Chunki inson to‘yga dam olish uchun keladi.

— Shou-biznes olamini ko‘plar “hiyla-yu, dushmanlarga to‘lgan olam” deya izohlaydi. Siz ham bu fikrlarga qo‘shilasizmi?
— Nafaqat shou-biznes olami, hozirgi dunyomiz haqida ham gapirmoqchiman. Insonlar o‘zgarib ketishgan. Barcha narsa tezlik bilan, yengil o‘tib ketayotganday. Muhabbat, oqibat, vafo degan tuyg‘ular, umuman hamma-hammasi o‘z qadrini, salobatini, mustahkamligini yo‘qotayotganday, kuchsizlashayotganday, go‘yo. Va eng achinarlisi, bular oddiy holatga aylanib qolib, biz ham bularni osongina hazm qilib yuborayotgandaymiz. Men baribir dunyoda yaxshi insonlar ko‘pligiga ishongim keladi. Ular borki, dunyo talafotlardan xoli turibdi.

Hatto shou-biznesda ham xalqqa yordam berayotgan insonlar ko‘p.

— Siz qachondan o‘zingizdagi ruhan o‘sishni his etdingiz?
— Men bolaligimdan to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishga, nomimga dog‘ tushirmaslikka, ortimdan har xil gap chiqarmaslikka harakat qilganman. Umrim so‘ngida, hayot kitobimga qaraganda sahifalarim chiroyli bo‘lishini istayman. Odam yosh o‘tgan sari yoshligiga ko‘p razm solarkan. To‘g‘ri, xatolarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Ammo men hozirgi kunlarni ko‘rsatgan uchun Xudoga shukrlar aytaman. Bilasizmi, umr juda shiddatli ekan, yoshlik nihoyatda tez o‘tib ketarkan… Biz baribir bandamiz, noto‘g‘ri ishlar qilamiz. Lekin ruhimizni pok qilishga urinaverish lozim. Shaxsan men bundan keyingi umrim davomida insonlarga yaxshilik ulashishga harakat qilmoqchiman!

— Yoshlikda qaysidir ustoz san’atkorlarning tanbehini eshitmaganingizdan hozir afsuslanasizmi?
— Birinchi ustozimiz, avvalo, ota-onamiz. Ular ko‘p tanbeh berishardi, ilohim umrlari uzoq bo‘lsin. Ustozlarimdan ham ko‘p tanbeh eshitardim. Men bundan aslo xafa emasman. Kamchiliklarimni ko‘pchilik ichida aytishganida, to‘g‘ri, og‘ir botgan. Mendagi maqsad sahnada birinchi bo‘lish emas, yaxshilik yo‘lida birinchi bo‘lishdir. Intizomimda, xulqimda go‘zallik bo‘lishini istayman!

Mohigul DIYORXO‘JAYEVA suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Dildora Niyozova: "Bugungi sahna haqida biror narsa deyishga haqli emasman! Sababi qachonlardir men ham shu oqimda edim..."