4 996
Bahora Arslonova nima sababdan Rossiyadan O‘zbekistonga qaytganidan afsuslanishi haqida gapirdi
«Daryo» muxbiri Nargiza Murodova aktrisa Bahora Arslonova bilan intervyu tashkil qildi. Suhbat davomida aktrisa ba’zi hamkasblaridan nima sababdan ranjigani, san’atdagi gap-so‘zlardan charchagani va turmush o‘rtog‘ini Rossiyaga ketmaslikka ko‘ndirgani uchun afsuslanishi haqida gapirdi.
«Farzandimni ikki yil kutdim»
Foto: Instagram / @bahora_arslonova
— To‘ydan keyin ikki yil homilador bo‘lolmadim. Bu his qanchalar og‘ir ekanligini farzandli bo‘lishni kutayotgan insonlar juda yaxshi bilishadi. Shu bois ilk homilamni atrofdagilardan yashirib, o‘zimni oilamga bag‘ishladim. Buni san’atdagi dugonalarim turlicha talqin qilishdi. Hatto, san’atdan ketganim, o‘rnimni yo‘qotganim haqida ham gap-so‘zlar bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘imga ulardan ranjiganimni aytsam, «Hammasi yaxshilikka, atrofdagilarning ichidagini bilib olding», dedi. Ishonasizmi, o‘sha paytda yonimda san’atdagi «qadrdonlarim»dan hech kim qolmadi. Farzandim dunyoga kelgach, asta-sekin rejissyorlar seriallarga taklif etishni boshlashdi. Ijodimga bo‘lgan munosabat avvalgidek yaxshilangani uchun atrofimdagi insonlar soni ham ko‘paydi.
«Sankt-Peterburgda qolmaganimga afsuslanaman»
Foto: Instagram / @bahora_arslonova
— To‘ydan avval turmush o‘rtog‘im Sankt-Peterburg shahrida yashardi. Men ham bir muddat u yerda yashadim. Ammo yaqinlar sog‘inchi va ijodim sabab, O‘zbekistonga qaytib kelishni so‘radim. Ammo bu qarorimdan haligacha afsuslanaman. Turmush o‘rtog‘im ham «Siz sabab sportdan va o‘z o‘rnimni topgan Sankt-Peterburg shahridan ketdim», deb gapiraveradi. Gapini hazilga yo‘yaman-u, ammo baribir qarorimdan afsuslanaman. O‘zimni rivojlantirish uchun ham tavakkal qilishim kerak edi, deb ko‘p o‘ylayman. U yerda rejissyorlik bo‘yicha tahsil olib, Zahiriddin Muhammad Bobur haqida film olarmidim, deb afsuslanaman.
«Dugonalar shousidagi ishtirokim pand berdi»
Foto: Instagram / @bahora_arslonova
— Tarixga qiziqsam-da, birorta tarixiy filmda suratga tushmaganman. Ammo ot sporti bilan shug‘ullanganimni va qilichbozlik bo‘yicha malakam ham yaxshi ekanligini rejissyorlar yaxshi bilishadi. Ot bilan bog‘liq murakkab tryuklarni ham qiyinchiliksiz bajara olishimni yaxshi bilishadi. Ammo rejissyorlar taklif etishmaydi.
Foto: Instagram / @bahora_arslonova
Kastinglarda ishtirok etishdan og‘rinmayman. Ular aktyorni o‘z ustida ishlashga, izlanishiga undaydi. Ammo kastingdan kutilgan natijaga erishmagach, hafsalam pir bo‘ladi. Film olingach, atayin ko‘raman. Men xohlagan rolga kimni olishibdi, u qaysi jihatlari bilan mendan ustun edi, degan savolga javob olishga harakat qilaman. Ming afsuski, mazza qilib, ijro etadigan epizodni qoyillatmaganidan keyin achchiqlanaman.
Foto: Instagram / @bahora_arslonova
Rejissyor Ibrohim Rasulov shoira Zulfiyaxonim haqida film olishini aytib, kastingga taklif etdi. Oradan ancha vaqt o‘tdi, men kastingga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdim. Shoiraning hayoti va ijodini o‘rganib, Jizzaxga haykalini ham ziyorat qilib keldim. Kastingda eng ta’sirli epizodni ijro etib, mazza qildim. Rejissyorga kastingdan o‘tmasam ham xabar bering qo‘ying, degandim. Oradan ancha vaqt o‘tib, film suratga olinayotgani haqida eshitdim. Eng yomoni o‘sha yerda «Bahora rolni yaxshi ijro etdi, faqat u ‘Dugonalar shou’ ko‘rsatuvida ishtirok etgani uchun uni rolga olmadik», deyishibdi. Ko‘rsatuv bilan filmning nima bog‘liqligi bor deb hayron bo‘ldim.
«Akam oti sabab bir o‘limdan qoldi»
Foto: Instagram / @bahora_arslonova
— U qadar kiyim-kechak yoki mol-dunyoga qiziqadigan ayol emasman. Ammo pul to‘plab, ot sotib olishni orzu qilaman. Chunki men xarid qilmoqchi bo‘lgan ot juda qimmat turadi.
Oilamiz an’anasiga ko‘ra, otam rahmatli har bir farzandiga bittadan toychoq sovg‘a qilgandi. Uning o‘limidan keyin bu ishni akam davom ettiryapti. Ot uyning barakasi hisoblanadi. Kichik akam Turkiyadagi chempionatda ishtirok etayotganda yuragi og‘rib qolgan. Qishloqda qolgan ot zovur bo‘yida arqoniga bo‘g‘ilib o‘lib qolgan. O‘shanda yoshi kattalar akamning boshiga tushishi mumkin bo‘lgan kulfatni ot o‘ziga tortib olganini aytishgandi. Menga atalgan ot esa biroz e’tiborsizlik va sog‘inchdan o‘lib qoldi. Afsuski, bundan ancha keyin xabar topdim. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi