14:39 / 19.01.2022
1 856

«Yoqimsiz va jirkanch epizodlar» — Saida Mirziyoyeva «shov-shuv»li serial haqida gapirdi

«Yoqimsiz va jirkanch epizodlar» — Saida Mirziyoyeva «shov-shuv»li serial haqida gapirdi
Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva «Sevimli» telekanalida namoyish etilayotgan serialga o‘z munosabatini bildirdi.

«Mamlakatimizda, shubhasiz, so‘z va ijod erkinligi mavjud.

Lekin bir tomoshabin sifatida «Sevimli» kanalida praym-taym vaqti namoyish etilayotgan, millionlab teletomoshabinlarning diqqatini tortgan «Sabriya milliy serialiga nisbatan shaxsiy munosabatimni bildirishga haqliman, deb o‘ylayman.

Badiiy saviya haqida gapirib ham o‘tirmayman, unaqa narsaning o‘zi yo‘q. Serial mualliflari orasida birorta ayol yo‘qligiga ham ishonchim komil. Chunki hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat ko‘rmaganman.

Syujetda giyohvand moddalarni iste’mol qilish bo‘yicha aniq va batafsil yo‘riqnoma ko‘rsatishdan maqsad nimaligi ham tushunarsiz. Bu holatdan hech qanday xulosa chiqarilmagan. Hamkasb-ayollar o‘rtasidagi zahar-zaqqumga to‘la raqobat g‘oyasi-ku, umuman, ayollarni odam o‘rnida ko‘rmaydigan latifabozlardan ilhomlanib yozilgandek. Va nihoyat, eng yoqimsiz va jirkanch epizodlar – ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalari hamda isnoddan qutulishning yagona «to‘g‘ri» yo‘li – o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq. Naqadar «dono» maslahat!

Ushbu serialda ayollar fikri tor, makkora, zaifa, hayotdagi hamma balolarga sababchi qilib ko‘rsatilgan.

Badiiy kino jamiyatdagi qarashlarni shakllantiradigan vositalardan biridir. Umuman, kimki ommaga ta’sir o‘tkaza olsa, og‘zidan chiqqan har bir So‘z uchun mas’uldir.

Biz gender tengligi va ayollarga ehtirom masalasini aholi ongiga singdirish uchun zo‘r berib harakat qilayotgan bir paytda bunday seriallar gender tengligi rivojlanishiga shaksiz to‘sqinlik qiladi. Ularda hech qanday sog‘lom fikr yo‘q. Bu – O‘zbekistondagi turmush tarzi borasida ijodkorlarning buzuq fantaziyasi, xolos.

Nima deb o‘ylaysiz, o‘zbekistonlik ayollarning obro‘iga jiddiy putur yetkazayotgan bunday sayoz «ijod namunalari» yaratishni bas qilishni talab etishga haqlimizmi? Qanday qilib o‘z joniga qasd qilishni ekranda ko‘rsatish mumkin axir?

Men badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtai nazaridan xulosa berishga chaqiraman. Ayollarimiz bunday munosabatga loyiq emas! Bu ham xususiy, ham davlat kinematografiga birdek taaluqli!», deb yozadi Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Sevimli» telekanalida namoyish etilayotgan milliy serialni AOKA o‘rganishni boshlagani haqida xabar berilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Yoqimsiz va jirkanch epizodlar» — Saida Mirziyoyeva «shov-shuv»li serial haqida gapirdi