19:47 / 27.03.2022
1 953

«Madaniyat vazirligi qoniqarsiz ishlamoqda» — Senatda Ozodbek Nazarbekov rahbarlik qilayotgan vazirlik tanqid qilindi

«Madaniyat vazirligi qoniqarsiz ishlamoqda» — Senatda Ozodbek Nazarbekov rahbarlik qilayotgan vazirlik tanqid qilindi
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida 25 mart kuni Madaniyat vazirligi faoliyati muhokamasiga doir majlis bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, unda madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini oshirish borasida olib borilgan ishlar yuzasidan madaniyat vazirining axboroti eshitilgan. Muhokamalar jarayonida sohada amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi ta’kidlangan. Jumladan, vazirlik tizimida oliy ma’lumotli malakali kadrlar taqchilligi joylarda madaniyat sohasida davlat siyosatining samarali olib borilishiga, belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Sobiq madaniyat vaziri, qo‘mita raisi Baxtiyor Sayfullayev madaniyat vazirligi tizimini tanqid qilgan: «Tizim bo‘lmagandan keyin natija ko‘rinmaydi. Ikki yildan beri kutamiz, yangi vazir, o‘ziga kelib olsin, o‘rgatmaylik dedik va nihoyat chegaraga yetib keldik».

Senator Sayfullayev Madaniyat vazirligi tizimida oliy ma’lumotli kadrlar yetishmayotganini tanqid qilib, bilimsiz xodimlarni chetlashtirish taklifini bildirgan.

«Vazirni uyaltirayotgan, vazirning oyog‘idan tortayotgan, vazirlikni sharmanda qilayotgan mana shunaqa xodimlar», — degan u.

E’tirozlarga javoban Nazarbekov ma’lum muddat vazirlik tizimidagi xodimlar maoshi keskin tushib ketgani ortidan xodimlarda ishchanlik qobiliyati pasayganini, ammo hozirda vaziyat ijobiy hal etilganini ma’lum qilgan.

«O‘sha paytlarda nafaqat talab qilsam, hatto, sal qovoq solib, qattiq gapirsam ham ketib qolayotgandi, xodimlar. O‘zi zo‘rg‘a yurishgandi», — deydi vazir.

Uning aytishicha, hududlarda davlat-xususiy sherikchilik asosida madaniyat markazlari va istirohat bog‘lari tashkil etish, ularga tuman/shahar markazlaridan joy ajratish belgilangan. Ammo ishni amalga oshirishda to‘siqlar mavjud.

Qo‘mita raisi vazirlik Senat bilan bamaslahat ish olib bormaganini, mavjud muammolarni bartaraf etishda yordam so‘ramayotganini, berilayotgan imkoniyatlardan foydalanolmayotganini ta’kidlagan.

Yig‘ilish so‘nggida qo‘mita raisi tomonidan mutasaddilarga bir kun muddat ichida muammolar yechimiga qaratilgan takliflarni berish talabi qo‘yilgan.

«Hozir qat’iy qaror qabul qila olmayman. Men madaniyat vazirligi ishini qoniqarsiz deb topaman», — deya yig‘ilishga yakun yasagan Sayfullayev.

Ma’lumot uchun, Ozodbek Nazarbekov 2020 yilning yanvaridan buyon Madaniyat vaziri lavozimida ishlab kelmoqda. Undan avval vazirlikka 2017 yildan buyon Baxtiyor Sayfullayev rahbarlik qilib kelgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Madaniyat vazirligi qoniqarsiz ishlamoqda» — Senatda Ozodbek Nazarbekov rahbarlik qilayotgan vazirlik tanqid qilindi