23:40 / 15.05.2022
915

O‘zbekiston vazirlik va idoralarida kadr siyosatini baholash bo‘yicha reyting joriy qilinadi

O‘zbekiston vazirlik va idoralarida kadr siyosatini baholash bo‘yicha reyting joriy qilinadi
O‘zbekisonda davlat organ va tashkilotlarida kadr siyosatini yuritishni baholash bo‘yicha 10 ta indikatordan iborat reyting joriy qilinadi va u har 6 oyda e’lon qilib boriladi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, buning yordamida davlat idoralaridagi vakansiyalar to‘ldirilishi va muddatlarga rioya qilinishi, xodimlarning qo‘nimsizlik darajasi hamda ish muhiti baholanadi. Yangi tartib uchun 1 oy davomida xorijiy tajriba, ikki hafta davomida 15 dan ortiq vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirokida o‘rganishlar olib borilgan. Natijada 10 ta asosiy va qo‘shimcha indikatorli reyting tizimi yaratilgan. Reyting ham baholovchi tashkilot, ham baholanayotgan sub’ekt tashkilot tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan.

Reytingda quyidagi baholash indikatorlari va ularni hisoblash usullaridan foydalaniladi. Asosiy indikatorlar:
- davlat tashkilotidagi vakansiyalar darajasi;
- vakant lavozimlarning yopilish muddati;
- davlat tashkilotidagi qo‘nimsizlik darajasi;
- inson kapitalini rivojlantirish koeffitsiyenti;
- xodimlarning yuqori malaka darajasi ko‘rsatkichi (fan nomzodi, falfasa doktori, fan doktori);
- xalqaro e’tirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlarning yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy OTMlarni tamomlagan xodimlar soni;
- «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish darajasi.

Qo‘shimcha indikatorlar:
- ma’lumotlarni o‘z vaqtida va xatosiz taqdim etganlik bo‘yicha;
- umumiy xodimlardagi xotin-qizlar ulushi;
- umumiy xodimlardagi yoshlar ulushi.

Reyting baholari formula orqali 100 ballgacha asosiy va 20 ballgacha qo‘shimcha ballari asosida aniqlanadi:
- «a’lo» daraja — 81 balldan 100 ballgacha;
- «yaxshi» daraja — 71 balldan 80 ballgacha;
- «qoniqarli» daraja — 55 balldan 70 ballgacha;
- «qoniqarsiz» daraja — 54 ballgacha.

Baholashdagi indikatorlar ko‘rsatkichlari «Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi» dasturiy-apparat kompleksi orqali aniqlanadi.

Avvalroq Namangandagi 43 ta davlat tashkilotida xodimlar ochiq tanlov yo‘li bilan ishga qabul qilinayotgani, ular test va suhbatlardan o‘tgach, lavozimga tayinlanishi xabar qilingandi. Shuningdek, O‘zbekistonda 1 sentabrdan «E-antikorrupsiya» loyihasi ishga tushirilishi, O‘zbekistonga yil boshidan buyon 3 mingga yaqin xorijiy IT mutaxassisi kelgani haqida xabar berilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston vazirlik va idoralarida kadr siyosatini baholash bo‘yicha reyting joriy qilinadi