12:21 / 31.05.2022
1 058

O‘zbekistonda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqildi
Adliya vazirligi tomonidan Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Ushbu kodeksning asosiy vazifalari jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo‘lishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratishdan, xususiy mulk, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

Tadbirkorlik kodeksi loyihasi bilan quyidagilar nazarda tutilmoqda:
  • kodeks loyihasi bilan yaxlit 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihalari va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari birlashtirilib, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdan boshlab uni tugatishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni tartibga solishga qaratilgan;
  • ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga asosan, tadbirkorlik sub’ektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda;
  • tadbirkorlik sub’ektlarining tashkiliy-huquqiy shakllari bazasi ixchamlashtirilib, tadbirkorlar ichida ommabop bo‘lmagan «xo‘jalik shirkati» tashkiliy-huquqiy shakli bekor qilinmoqda;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda;
  • tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda;
  • 43 ta davlat organining 146 ta nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 18 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari mazkur kodeksga ilova sifatida tasdiqlanmoqda. Bunda ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda;
  • davlat nazoratining 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat ma’lumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlar uchun yagona huquqiy manba — Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqilayotgani to‘g‘risida 2021 yilning iyunida xabar berilgandi. Kodeks loyihasi o‘tgan yilning sentabr—oktabr oylarida jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilishi kerak edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqildi