16:00 / 15.12.2022
1 060

O‘zbekiston Axborot kodeksi loyihasi e’lon qilindi

O‘zbekiston Axborot kodeksi loyihasi e’lon qilindi
“Axborot kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun va ilovasi hisoblanuvchi Axborot kodeksi loyihasi e’lon qilindi.
Qonun loyihasi 50 ta manfaatdor vazirlik va idoradan kelishuvdan o‘tkazilgan bo‘lib, beshta moddadan tashkil topgan. Qonunga ilova tarzida 4 ta bo‘lim, 14 ta bob, 131 ta moddadan iborat bo‘lgan Axborot kodeksi tasdiqlanmoqda.

Axborot kodeksida quyidagi sakkizta qonun o‘zaro unifikatsiya qilish orqali tizimlashtirilgan:
- “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun;
- “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun;
- “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonun;
- “Bolalarni ularni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun;
- “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun;
- “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun;
- “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonun;
- “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun.

Kodeks loyihasiga ko‘ra, konstitutsiyaga muvofiq har kim axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqiga ega.

Axborot olish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq va erkinliklari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, jamiyat axloqiy qadriyatlari, mamlakat ma’naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlash maqsadida cheklanishi mumkin.

Axborot olish erkinligi asosiy prinsiplari: ochiqlik, oshkoralik, axborotdan erkin foydalanish va haqqoniylik. Axborot ochiq va oshkora bo‘lishi kerak, maxfiy va konfidensial axborot bundan mustasno. Maxfiy va konfidensial axborotga quyidagilar kirmaydi:
  • fuqarolar huquq va erkinliklari, ularni ro‘yobga chiqarish tartibi to‘g‘risidagi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari huquqiy maqomini belgilovchi qonunchilik hujjatlari;
  • ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar;
  • ekologik, meteorologik, demografik, sanitariya-epidemiologik, favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda aholi, aholi punktlari, ishlab chiqarish obyektlari va kommunikatsiyalar xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan boshqa axborotlar;
  • axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar, idoraviy arxivlar va O‘zbekiston hududida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslarga tegishli axborot tizimlari ochiq fondlaridagi mavjud ma’lumotlar.

Davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari jamiyat manfaatlariga taalluqli voqealar, faktlar, hodisalar va jarayonlar to‘g‘risida qonunchilikda belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga xabar berishi shart.

Axborot undan hamma erkin foydalanishi mumkinligi ta’minlangan bo‘lishi kerak. Axborot mulkdori, egasi axborot berishni rad etgani, noto‘g‘ri ma’lumot bergani ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Axborot aniq va haqqoniy bo‘lishi kerak. Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi. Ommaviy axborot vositalari, axborot tarqatuvchilar, blogerlar o‘zlari tarqatayotgan axborot haqqoniy emasligi uchun axborot manbasi va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston Axborot kodeksi loyihasi e’lon qilindi