08:02 / 11.01.2023
289

Adliya vazirligi: Davlat boshqaruvida “qo‘l” boshqaruvidan “aqlli” boshqaruvga o‘tiladi

Adliya vazirligi: Davlat boshqaruvida “qo‘l” boshqaruvidan “aqlli” boshqaruvga o‘tiladi
O‘zbekiston Adliya vazirligi mamlakatda Vazirlar Mahkamasi va mahalliy davlat boshqaruvini isloh qilishga qaratilgan o‘zgarishlar yuzasidan bildirayotgan tanqidiy fikrlarga javob berdi.

Bayonotda aytilishicha, ma’muriy islohotlarga oid farmon va qaror loyihalari “chuqur tahlillar asosida”, milliy va halqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan.

Xalqaro ekspert sifatida xalqaro tashkilotlar, xususan BMT vakillari ishtirok etgani, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti Kengashining “Tartibga solish siyosati va davlat boshqaruvi bo‘yicha tavsiyalari”dagi davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish bo‘yicha 12 ta asosiy tavsiyalari o‘rganilgani ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, farmon loyihasini ishlab chiqish jarayoni 2021 yil noyabrda boshlangan, “ya’ni ma’muriy islohotlar doirasidagi o‘zgarishlar bir kun, bir oyda shakllanmagan”.

O‘tgan davr mobaynida barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining qariyb 5 mingta funksiyalari chuqur tahlil va xatlovdan o‘tkazildi, 500 ga yaqin takrorlanadigan, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hamda amalga oshirish mexanizmlari bilan ta’minlanmagan funksiyalar tugatilmoqda, qaysi vazifa qaysi idoraga tegishliligi aniq belgilandi.

Natijada hukumatga bo‘ysunadigan ijro organlari soni 61 tadan 28 taga, shu jumladan vazirliklar soni 21 tagacha qisqardi, 20 ta idora to‘liq tugatildi. Hukumatda amaldagi 8 nafar bosh vazir o‘rinbosari va 3 nafar bosh vazir maslahatchisi lavozimlaridan faqat 4 nafar bosh vazir o‘rinbosari qoldirildi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, ma’muriy islohotlarga qadar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik va idoralar sonining ko‘pligi tanqid qilinardi, turli xil ekspertlar chiqish qilib, bu borada keskin fikrlarni ham bildirishardi. Biroq, bu borada yuqorida qayd etilganidek radikal o‘zgarish qilinganligi, vazirlik va idoralar, mansabdor shaxslar soni tubdan qisqarganligiga qaramasdan ushbu holatni asossiz subyektiv talqin qilish harakatlari kuzatilmoqda
”, – deyiladi Adliya vazirligi bayonotida.

Davlat organi ma’muriy o‘zgarishlarni “davlat boshqaruvi tizimini institutsional jihatdan yangi bosqich vazifalarini amalga oshirish yo‘lidagi navbatdagi sifat jihatdan yangi islohot” deb atagan.

Bu islohot natijasida davlat boshqaruvi tizimining eng muhim bo‘g‘ini – Vazirlar Mahkamasi takomillashtirilmoqda. Ijro etuvchi hokimiyat yanada ixchamlashib, funksiyalarning takrorlanishi istisno qilinmoqda. Byurokratiya qisqartirilmoqda. Har qanday oqilona tashabbus, ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, idoralararo muvofiqlashtirish va tasdiqlash kabi 9 pog‘onadan o‘tishga majbur bo‘lgan amaliyot o‘tmishda qolmoqda. Noto‘g‘ri, haddan tashqari yuklangan apparat o‘rnini egiluvchan, muayyan muammolarni hal qilishga qaratilgan tuzilma egallaydi.

Vazirlarning siyosiy maqomi, vakolatlari, prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi siyosiy mas’uliyati hamda javobgarligi keskin oshirilmoqda. Ularning sohaga ajratiladigan mablag‘larni ishlatishdagi mustaqilligi belgilanmoqda. Vazirlik va idoralarning funksiyalarining optimallashtirilishi natijasida xususiy sektorga o‘tkazilayotgan davlat funksiyalari kamida 3 barobarga ko‘paytirilmoqda
”, – deya ta’kidlanadi rasmiy relizda.

Adliyaning qator tanqidlarga javoban bildirishicha, hozirgacha turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib kelgan vazirlarning vazirliklar rahbarligiga qayta tayinlanishini “salbiy holat emas”.

Dunyo amaliyotida hukumat tarkibida rotatsiya instituti qo‘llanishi normal holat hisoblanadi. Shuningdek, yangi tayinlovlar tarkibida yosh rahbar kadrlar ulushining yuqori ekani ham ijobiydir. Hukumat tarkibiga yosh rahbarlarning kelgani ushbu sohaga yangicha yondashuv, yangicha ish uslublari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi”.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi tayinlovlarga yangi hukumatni shakllantirish sifatida baho bermaslik kerak.

Mamlakatimizda yangi hukumatni shakllantirish tartibi Konstitutsiyamizda belgilangan. Unga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi yangitdan saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi. Ya’ni hukumat tarkibi yangi Oliy Majlis shakllanganda yangilanadi. Shu sababli, mazkur tayinlovlarda hukumat tarkibini yangilash maqsadi qo‘yilmagan, aksincha maqbullashtirish natijasida yangi tashkil etilgan davlat boshqaruvi organlari rahbarligiga yangitdan tayinlovlar amalga oshirildi”.

Ayni paytda, ma’muriy islohot hukumat tarkibini yangilashni anglatmasa-da, amalda vazirlarning qariyb uchdan bir qismi yangi yoki tayinlanganiga bir yil ham to‘lmaganiga e’tibor qaratish lozim, demoqda Adliya vazirligi.

Xususan, sog‘liqni saqlash vaziri (A.Inoyatov), maktabgacha va maktab ta’limi vaziri (X.Umarova), investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri (L.Qudratov) yangi tayinlandi, shuningdek, adliya vaziri (A.Toshqulov), Qishloq xo‘jaligi vaziri (A.Voitov), energetika vaziri (J.Mirzamahmudov) ushbu lavozimlarga tayinlanganiga hali bir yil ham to‘lganicha yo‘q. Shunday ekan, hukumat tarkibi eskicha qoldi, deyish masalaga kamida noprofessional yondoshuv bo‘lganligini ko‘rsatadi”, – deyiladi adliya bayonotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, farmonda ayrim funksiyalarni xususiy sektorga o‘tkazish orqali tegishli sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi. Natijada, tugatilgan funksiyani amalga oshiruvchi mavjud lavozimlar qisqartiriladi.

Ushbu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birdaniga xodimlarni 30 foizgacha qisqartirish degan tushuncha noto‘g‘ri. Shu bilan birga, mazkur optimallashtirish barcha davlat tashkilotlariga birdek tadbiq qilinmaydi. Ularning bajarayotgan vazifa va funksiyalari tahlil qilinib, ayrim davlat tashkilotlarida 5-10 foizgacha, ayrimlarida esa 30 foizgacha qisqarishi mumkin.

Shuningdek, kadrlar sohasida endi son emas, sifat alohida rol o‘ynadi. Buning hisobiga ayrim bir necha hududlar uchun yagona hududlararo bo‘limlarni tashkil qilgan holda aholiga professional kadrlar tomonidan hizmat qilinishini ta’minlash mumkin
”.

Davlat organi vazirliklarning ishlash uslubi “butunlay o‘zgarishi”ni bildirgan.

Endilikda, vazirliklarning yil davomida erishishi zarur bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlari belgilanadi. Har bir vazir yil boshida o‘zining o‘rinbosarlari kesimida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha harakatlar dasturini ishlab chiqadi va uni ommaga e’lon qiladi.

Harakatlar dasturiga asosan vazirliklarning hududiy boshqarmalari maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha qo‘shimcha ravishda hududiy rivojlanish dasturini ishlab chiqadi va ular ham uni ommaga taqdim qiladi. Vazirlar tomonidan yil yakunida harakatlar va hududiy rivojlanish dasturlari amalga oshirilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holati yuzasidan ochiq hisobot beriladi
”.

Qayd etilishicha, davlat boshqaruvida “qo‘l” boshqaruvidan “aqlli” boshqaruvga o‘tish ko‘zda tutilgan. Hukumat a’zosi – ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda bosh vazir bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash tartibi joriy qilinmoqda. Ijro etuvchi hokimiyat organlarning markaziy apparati va hududiy bo‘linma tuzilmalarini prezident va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi.

Farmonning yana bir muhim tomoni shundaki, respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti hamda jamoatchilik oldida bevosita hisobdor bo‘lishi belgilagan”, – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, farmon bilan ilk bor vazirlik, qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarning tushunchalari ochib berilgan, natijada ularning vazifa va funksiyalarini hamda javobgarlik chegarasini aniq ko‘rish mumkin.

Mazkur farmonning qabul qilinishi ortiqcha byurokratik talablarni qisqarishiga, vazirlik va idoralarning o‘xshash yoki bir-birini takrorlovchi funksiyalarini bekor qilinishiga, aholining bir masala yuzasidan turli idoralarga murojaat qilish zaruratini bartaraf etilishiga olib keladi.

Shunday qilib, ekspertlar hamjamiyati, mutaxassis va olimlarning ma’muriy islohotlar jarayonidagi qiziqishlarini, keng jamoatchilikning e’tibori qaratilayotganligi va bu borada muhokamalar olib borilayotganligini ijobiy deb baholaymiz. Ayni paytda, hurmatli OAV va ijtimoiy tarmoq vakillarini bu boradagi islohotlarni yoritishda fundamental bilimlarga ega professional ekspertlarni, vazirlik va idoralar mas’ullarini ham jalb etishga chaqirib qolamiz. Bu masalada hamkorlikka doim tayyormiz
”, – deya ma’lum qilgan O‘zbekiston Adliya vazirligi.

Ta’kidlanishicha, hozirda boshlangan ma’muriy islohotlar tegishli farmon va qaror bilan cheklanmaydi – bu davomli jarayondir. Vazirlik bu tizimli islohotlar davlatchiligimiz rivojining muhim bosqichi ekanini inobatga olib, sog‘lom fikrlar, asosli takliflar va tanqidlarga doim ochiq ekanini bildirgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Adliya vazirligi: Davlat boshqaruvida “qo‘l” boshqaruvidan “aqlli” boshqaruvga o‘tiladi