2023 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.
Davlat tashkilotlarining AKTga mas’ul xodimlari ko‘proq rag‘batlantiriladi
Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etishga doir prezident farmoni asosida 1 avgustdan bir qancha talablar belgilanmoqda. Xususan:
- 1 avgustdan davlat organlarida raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir loyihalarni amalga oshirish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘larning 50 foizi kelgusi moliya yilida mazkur davlat organlari faoliyatida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi;
- ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga raqamlashtirish natijasida iqtisod qilingan mablag‘lardan ushbu loyiha uchun mas’ul xodimlarni moddiy rag‘batlantirish tavsiya etiladi;
- 1 avgustdan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan davlat tashkilotlarining AKTga mas’ul xodimlarining lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorda ustama to‘lanadi. Xalqaro sertifikat ro‘yxati Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan shakllantiriladi va rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Ta’lim uchun to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirishga doir prezident farmoni bilan – Konstitutsiyadagi belgilangan ta’lim olish huquqi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida 1 avgustdan soliq to‘lovchilar tomonidan, yoshidan qat’i nazar farzandlarining O‘zbekistondagi ta’lim tashkilotlarida o‘qishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi.
Suv omborlaridagi seysmologik kuzatuv elektron platformada qayd etib boriladi
Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 1 avgustdan “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi” ishga tushiriladi. Platformani yuritish uchun Seysmoprognostik monitoring respublika markazi mas’ul etib belgilanmoqda.
Kompyuter uchun ajratiladigan subsidiyalarni o‘z kartasiga o‘tkazish mumkin
Prezidentning tegishli qarori bilan, 1 avgustdan yoshlarga kompyuter xaridlari uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan mikroqarz hamda “Yoshlar daftari”, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamg‘armalari hisobidan beriladigan subsidiya mablag‘larini ijtimoiy kontrakt asosida yoshlar xohishiga ko‘ra alohida ochilgan bank kartasiga (naqdlashtirish imkoniyatisiz) o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Xavf darajasi yuqori bo‘lgan yangi qurilish obektlarining arxitekturasi vazirlik hududiy bo‘linmalari bilan kelishiladi
Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish hamda vakolatli organ faoliyatini tashkil etishga doir prezident farmoniga ko‘ra, 1 avgustdan e’tiboran xavf-xatar darajasi II — IV toifa bo‘lgan yangi qurilish obektlari:
- loyiha hujjatlarining arxitektura qismi – Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining hududiy bo‘linmalari bilan kelishiladi;
- smeta qiymatini shakllantirishda qurilish chiqindilarini olib chiqib ketish xarajatlari ham ko‘zda tutiladi;
- qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishda qurilish chiqindilarini olib chiqib ketish va poligonlarga joylashtirish bo‘yicha shartnoma tuzish majburiyati belgilanadi.
Tuman-shahar markaziy poliklinikalarida tibbiy psixolog lavozimi joriy etiladi
Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilishga doir prezident qarori talablari bilan 2023 yil 1 avgustdan:
- tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazining tuman (shahar) bo‘linmalari shtatlarini qisqartirish hisobidan — tibbiy psixolog;
- statsionar o‘ringa ega bo‘lmagan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va tarkibida dispanser mavjud bo‘lgan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida — suitsidolog;
- statsionar o‘ringa ega bo‘lgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va ruhiy kasalliklar shifoxonalarida — amaldagi shtatlar doirasida qabul bo‘limi shifokori, navbatchi psixiatr, tibbiy psixolog yoki psixoterapevt shtatlari joriy etiladi.
Suvdan foydalanishni nazorat qiluvchi inspeksiyasi faoliyati kuchayadi
Suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilishga doir farmonga ko‘ra, Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi 1 avgustdan suvdan samarali foydalanish, uning iste’moli tartibiga rioya etilishi bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshiruvlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan amalga oshira oladi.
Fundamental loyihalarga xorijdagi yetakchi olimlar hamrahbar sifatida jalb qilinadi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilishga doir qaror asosida 1 avgustdan davlat ilmiy dasturlari natijadorligini oshirish bo‘yicha quyidagi tartiblar joriy etilmoqda:
a) fundamental loyihalar bo‘yicha — xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalarida ishlayotgan hamda loyiha mavzusida muhim natijalarga erishgan, «Scopus» va «Web of Science» bazasida “Xirsh” indeksi 5 va undan yuqori bo‘lgan yetakchi olimlar hamrahbar sifatida jalb qilinadi;
b) yangi ishlanmalar asosida innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha:
- Innovatsion rivojlanish agentligi tarmoq tashkilotlarining innovatsiyalarga (yangi ishlanma va texnologiyalarga) bo‘lgan ehtiyojlari asosida tijoratlashtirish loyihalarini va innovatsion “spin-off” korxonasi loyihasini tanlov asosida aniqlaydi;
- g‘olib deb topilgan loyihalar va innovatsion “spin-off” korxonasi loyihasi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
- innovatsion mahsulotlarni kelgusida sanoatda seriyalab ishlab chiqarish maqsadida moliyalashtirilgan har bir loyiha tegishli tarmoq korxonasiga biriktiriladi;
v) tezkor ilmiy yechimni ta’minlash talab etiladigan yo‘nalishlar (yuqumli kasalliklar, texnogen holatlar, iqlim o‘zgarishi va tabiat hodisalariga oid, mikroelektronika texnologiyalari) bo‘yicha 1 yilgacha bo‘lgan qisqa muddatli maqsadli amaliy va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish tartibi joriy etiladi.
Qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun “Hisob-ma’lumotnoma” beriladi
Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qaroriga ko‘ra, 1 avgustdan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini ishlab chiqaruvchi yoki maxsus savdo tashkilotlarida sotilgan yangi texnikalar uchun qonunchilikda belgilangan hujjatlar bilan birga O‘zagroinspeksiyada ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan “Hisob-ma’lumotnoma” berish amaliyoti joriy etiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring