06:35 / 29.02.2024
254

O‘zbekiston aholisining necha foizi tamaki chekishi ma’lum qilindi

O‘zbekiston aholisining necha foizi tamaki chekishi ma’lum qilindi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 1,3 milliardga yaqin odam muntazam ravishda chekadi yoki boshqa shakllarda tamaki iste’mol qiladi. Bu haqda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Erkaklarning taxminan 47 foizi va ayollarning taxminan 12 foizi chekadi. Chekishni erta boshlash va 20 yildan ortiq vaqt davomida muntazam chekish umr ko‘rish davomiyligini 20-25 yilga qisqartiradi. O‘zbekiston aholisining (18-69 yoshdagi) 16,5 foizi, shu jumladan, erkaklarning 32,9 foizi, ayollarning 0,8 foizi tamaki chekadi. Shuningdek, aholining 9,9 foizi - erkaklarning 20 foizi, ayollarning 0,4 foizi tutunsiz tamaki chekadi. Tutunsiz tamaki chekuvchilarning 89 foizi nosvoy chekadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 1,7 foizi – o‘g‘il bolalarning 2,3 foizi, qizlarning 0,9 foizi tamaki chekadi. Bunda o‘smirlarning 7,7 foizi – 10 foiz o‘g‘il bolalar, 5,2 foiz qizlar hayotida bir marta bo‘lsa ham chekib ko‘rgan.

Statistikaga qaraganda, 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 7,0 foizi (har 15 nafardan 1 nafari) uyda va 16 foizi (har 6 nafardan 1 nafari) yopiq jamoat joylarida tamaki tutuni ta’sirida bo‘ladi.

Tamaki, nos va snyus singari zararli odatlar organizmi o‘sib borayotgan yoshlarga yanada yomonroq ta’sir qiladi. Bu haqda sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari qat’iy ogohlantirmoqda. O‘smir yoshdagilarga tamaki va uning boshqa shakllari toksik ta’sir qilib, salbiy oqibatlarga olib keladi. Jumladan:
  • nafas olish yo‘llari – tomoq-burun, halqum, traxeya, bronxlar, o‘pkaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • o‘pkalarda yiliga 1 kg gacha qatron yig‘iladi. Qatronlar kanserogen modda bo‘lib, o‘pka saratonini rivojlantiradi. Chekuvchilarda surunkali bronxit, bronxoektaz va o‘pka emfizemasi rivojlanadi, bu esa nafas yetishmovchiligiga olib keladi;
  • ko‘rish va xotira yomonlashadi, mushaklarning kuchi kamayadi;
  • yurakning muddatidan oldin qarishi ortadi, nerv hujayralari o‘ladi;
  • teri quriydi, husnbuzarlar toshib ketadi;
  • tana o‘sishdan to‘xtaydi, eshitish pasayadi, uyqu buziladi;
  • jinsiy ojizlik, farzand ko‘rish tizimida muammolar (erta bepushtlik), gormonal buzilishlar paydo bo‘ladi;
  • ateroskleroz, yurak miokardi infarkti, insult, gastrit va oshqozon-ichak yaralari bilan kasallanishlar kuzatiladi.

Bular sigaret, nosvoy va snyus kabi o‘ta zararli odatlarning zamonaviy tibbiyot tomonidan hozirgacha isbotlangan oqibatlari. Hali bizga ma’lum bo‘lmagan zararlari ham borligiga shubha yo‘q”, – deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston aholisining necha foizi tamaki chekishi ma’lum qilindi