Oʻzbekistonda joriy ish haftasi beqaror boʻladi. Avvaliga nam, lekin iliq, keyin yomgʻirning qorga aylanishi, payshanba-juma kunlariga kelib haroratining keskin pasayishi kutiladi (ammo butun mamlakat bir xilda sovib ketmaydi). Dam olish kunlari esa quruq keladi va haroratning tez koʻtarilishi roʻy beradi.
Ushbu sharh «Oʻzgidromet»ning qisqa va oʻrta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan boʻlib, u bevosita ob-havo prognozi emas.
Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda «Oʻzgidromet» hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma'lumotlari bilan toʻldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.
Hafta boshida mintaqaga ketma-ket nam havo oqimlari kirib kelayotganini sun'iy yoʻldosh tasvilarida ham koʻrish mumkin — bu vaqtda mintaqaga Atlantika tsikloni ta'sir koʻrsatib, oʻzidan unchalik koʻp boʻlmagan yogʻingarchilik ulashadi.
Manba: NASA
Ish kunlaridagi ob-havoni Atlantika tsikloni hamda Arktik antitsiklonning markazi va chekkasi belgilaydi. Bu Oʻzbekistonda hafta boshi namgarchilikka boy boʻlishi, harorat asta-sekin pasayishi va payshanba-juma kunlari sovuq-quruq oʻtishidan dalolat. Dam olish kunlari esa kunduzgi haroratning sezilarli koʻtarilishi yana iliqroq muhitni taqdim eta boshlaydi.
Hafta boshida janubiy viloyatlarda havo harorati +15 darajagacha koʻtarilsa-da, boshqa kunlarda ham shunday boʻladi, deb boʻlmaydi. Masalan, 23−24 yanvar kunlari Arktik antitsiklon chekkasining chuqur ta'siri oqibatida shimoliy hududlarda, shuningdek, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida havo harorati minimumlari tunda -10 daraja va ba'zi joylarda undan ham pastroq boʻlishi kutilyapti. Xususan, Toshkent va Namangan viloyatining togʻli hududlarida yanada sovuqroq muhit kuzatilishi mumkin.
Manba: Meteoinfo.ru
Bir soʻz bilan aytganda, 23−24 yanvar kunlari Oʻzbekiston antitsiklon janubiy chekkasi chuqur ta'sirida boʻlib, ushbu kunlari joylarda kunduz kuni ham harorati sezilarli pasayadi. Ammo antsiklon sovugʻi respublikaning markazi va janubiy viloyatlariga koʻp ham kuchli ta'sir koʻrsatmaydi. Dam olish kunlari — antitsiklon mintaqadan toʻliq chekingach — janubdan kirib kelgan iliqroq oqimlar sovuqlik toʻlqinini mintaqadan «haydash» kuchiga ega boʻladi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, shimoliy hudud boʻladimi yo janubiy — farqi yoʻq — tungi vaqtda havo harorati nol daraja atrofida, ayrim vaqtlarda undan ham pastroq boʻlishi kutilmoqda.
Hafta oʻrtalaridan sovuqlik toʻlqinlarining mintaqaga kirib kelishi magistral gaz quvurlarida gaz bosimini sezilarli pasayib ketishiga va energetik tizimga yukalama oshishiga sabab boʻlishi mumkin. Payshanba va juma kunlari ayrim viloyatlarning yoʻllarida yaxmalak hodisalari yuz berishi kutilyapti. 21−22 yanvar kunlari togʻli hududlarni kesib oʻtgan avtomobil yoʻllarida ob-havoning keskin yomonlashuvi, kuchli shamol boʻlishi kutilmalari borligini qayd etib oʻtmoq kerak.
«Oʻzgidromet» prognoziga koʻra, 20 yanvar kuni joylarda kunduzi iliq, kechasi sovuq harorat kuzatiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlari hududlarida yogʻingarchilik kutiladi. Yogʻingarchilik shimol va togʻli hududlardan tashqari joylarga yomgʻir koʻrinishida yogʻadi. Havo harorati kunduzi respublika boʻylab (hatto togʻlarda ham) +7…+12 darajagacha, janubiy viloyatlarda +15 darajagacha, tunda vodiy, shimol va togʻlarda −0…−5 daraja sovuq, boshqa hududlarda +0…+5 daraja iliq atrofida boʻladi. Togʻlardan boshqa joylarda tuman hodisalari kuzatilishi mumkin.
Sinoptiklar 21−23 yanvar kunlari Oʻzbekistonda beqaror ob-havo kuzatilishi, kuchli shamollar, yomgʻir-qor, haroratning kundan kunga pasayib borishini ma'lum qilgan. 21 yanvar kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida, 21−22 yanvarda Buxoro va Navoiy hamda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida, 21 dan 23 yanvarga qadar esa vodiy, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari hamda togʻlarda har kuni vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir-qor) kutilishi keltirilgan. Boshqa kunlari hududlarda yogʻingarchilik kutilmaydi.
Manba: Windy
Ushbu kunlari joylarda havo haroratining oʻzgarishi viloyatlar kesimi boʻyicha juda katta tafovutlarga ega. Masalan, shimolda 22−23 yanvarda tunlari harorat -10 darajagacha pasaysa, boshqa viloyatlarda 23 yanvarga kelibgina tungi haroratning -7 darajagacha pasayib ketishi e'lon qilingan. Vodiy viloyatlari uchun esa mazkur uch kunlikda tunda harorat deyarli bir xil qiymat, ya'ni −0…−5 darajagacha pasayishi keltirilgan.
Kunduzgi harorat kutilmalari esa yanada boshqacha manzara aks ettirgan. Janubda kunduzi deyarli har kuni harorat maksimumi +10 darajagacha oʻzgarsa, Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Jizzax va vodiy viloyatlarida 21 yanvarda +10 darajagacha iliq, 22 yanvarda nol daraja atrofidagi muhit, 23 yanvarda +5 darajagacha, shimolda 21 yanvardan tashqari kunduzi nol daraja va undan ancha past harorat prognoz qilingan.
21 yanvar kuni nam sovuq havo oqimlarining frontoldi qismlari respublikaning deyarli barcha viloyatlarida soniyasiga 23 metrgacha tezlikda kuchli shamollarni keltirib chiqarishi mumkin. 22 yanvarda kuchli shamol esishlari vodiy va togʻlarda saqlanib qoladi. Ushbu kunlari joylarga qish fasli uchun xos tuman hodisalari va ba'zi hududlarda «bulduruq» hodisalari ham kuzatilishi mumkin.
Juma, shanba va yakshanba kunlari respublika boʻylab yogʻingarchilik kutilmaydi. Juma kuni Qozogʻiston markazidan oʻtishi kutilayotgan va markazida atmosfera bosimi 1060 gPa gacha pasayuvchi antitsiklon chekkasining chuqur ta'siri Oʻzbekistonning Qozogʻiston bilan chegaradosh viloyatlarida tunda haroratning sezilarli pasayishiga sabab boʻladi. Dam olish kunlari esa respublika boʻylab aholi haroratning asta-sekin koʻtarilib borishini tanasida his qila boshlaydi.
Shanba va yakshanba kunlari harorat oʻzgarishi va yogʻingarchiliklar ehtimoli toʻgʻrisidagi soʻnggi ma'lumotlarini «Oʻzgidromet»ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aniqroq bilib olish mumkin.
«Oʻzgidromet»ning boshqa bir axboroti hamda Evropa oʻrta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga koʻra, hafta (20−26 yanvar kunlari) davomida Oʻzbekistonning koʻplab joylarida shu davrga xos iqlimiy me'yor va ayrim hududlarida me'yordan kamroq yogʻingarchilik tushishi va harorat rejimi boʻyicha shimolda me'yordan biroz yuqori, boshqa hududlarda me'yoriy, Toshkent va vodiy viloyatlarida me'yordan past, ya'ni «sovuq» boʻlishi keltirilgan.
Shunday qilib, hafta davomida me'yoriy harorat kuzatilishi, aholi zich istiqomat qiluvchi vodiy va Toshkent viloyatlarida sovuq va yogʻingarchilik boʻyicha me'yoriy, faqat Surxondaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlarida quruqroq boʻlishi oydinlashmoqda.
Harorat rejimi va tez oʻzgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta'siri
Seshanba-juma kunlari kishilar atmosfera bosimining keskin oʻzgarishlari ta'siriga tushadi. Xususan, 21 yanvar kuni hududlarda kuchli shamollar esishidan oldin joylarda barik tubsizlik hodisasi kuzatilishi, aholining aksar qismida bosh ogʻrigʻi, fotofobiya, qon bosimining koʻtarilishi yoki pasayishi, havo etishmasligi, umumiy lanjlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Barik tubsizlik hodisasining organizmga ta'sirini kamaytirishdagi tavsiyalar. Barik tubsizlik holatida oqilona ish va dam olish rejimiga rioya qilish, stressli va ortiqcha jismoniy faoliyatdan tiyilish, uyqu rejimiga rioya qilish tavsiya etiladi. Qahva, choy va shakarli ichimliklardan koʻra toza gazsiz suv, umuman, koʻproq suyuqlik iste'mol qilish muhim.
23−24 yanvarda esa respublikaning katta qismida atmosfera bosmining 1045−1050 gPa gacha koʻtarilishi kishilar aynan antitsiklon ta'siridan aziyat chekishi mumkinligini anglatadi.
Antitsiklonal muhitni organizmga ta'sirini kamaytirishdagi tavsiyalar. Antitsiklon ta'sirlarga moyil kishilar tongda tetiklashtiruvchi yengil dush qabul qilishi, yengil gimnastika mashgʻulotlari bilan shugʻullanishi va ovqatlanish ratsioniga kaliy moddasiga boy mevalarni qoʻshishi tavsiya etiladi. Immun va asab tizimini zoʻriqtirmaslik maqsadida kundalik ish tartibini ham ma'lum muddat biroz oʻzgartirish lozim. Iloji boʻlsa, koʻproq dam olgan ma'qul.
Bioiqlimiy sharoitlar
Payshanba va juma kunlari tunda aholi havo haroratining keskin pasayib ketishi bilan bogʻliq haqiqiy qish nafasini his qiladi. Bunday kunda qalin kiyim, hatto ayrim viloyatlarda qoʻlqop kiyib olishli havo muhiti kuzatiladi.
Dushanba kuni esa joylarda harorat goʻyoki bahoriy iliqlilik kabi oʻtib, kamiga yomgʻir kuzatiladi. Payshanbaga qadar koʻplab viloyatlardagi yogʻingarchilik kutilmalaridan kelib chiqib, kishilar ishga yoki koʻcha yumushlariga, safarga otlanganda oʻzlari bilan soyabon olib yurishlari tavsiya etiladi.
Kunduzgi iliqlilik (ba'zi viloyatlarda chorshanba va payshanbadan tashqari) muhiti kishilarni u darajada qalin (sharf-qalpoqlar nazarda tutilyapti) kiyinishga undamaydi, ammo kechki, tungi va tongi muddatlar uchun bunday deb boʻlmaydi. Haftaning ikkinchi yarmidan kechalari qalin kiyimda yurish kerak boʻladi.
Ekstremal sovuqlikni oʻzida his qiluvchilar payshanba-juma tungi muddatlarida Toshkent va Namangan viloyati baland togʻ kurort dam olish maskanlariga sayohat uyushtirishi mumkin. Chunki shu kunlari togʻda antitsiklon ta'sirida harorat tunda -15 daraja va undan pasayishi kutiladi.
Kosmik ta'sirlar
Oʻzbekistonliklar hafta davomida kuchli magnit boʻroni qoʻzgʻalishlaridan ta'sirlanmaydi. Koʻplab prognoz modellari Quyosh fotosferasida soʻnggi ikki kunlikda chaqnashlar bilan bogʻliq juda ham sokinlikni koʻrsatmoqda. Er magnitosferasida ham kuchli magnit boʻroni qoʻzgʻalishlari boʻlmasligini taxmin qilingan.
Manba: Xras.ru
Qozogʻistondagi Ionosfera instituti e'lon qilgan geomagnit boʻroni prognozida ham aholi ish kunlarida salomatlikka umuman xavf tugʻdirmaydigan «yashil» darajadagi, ya'ni xavfsiz qoʻzgʻalishlar bilan roʻbaroʻ kelishi qayd etilgan.
Manba: Ionos.kz
Hozir dunyoda magnit boʻronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit boʻronlariga ta'sirchan kishilar oʻz rejalarini yaqin ikki kunlik magnit boʻroni prognozi ma'lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.
Ob-havo oʻzgarishlari bilan bogʻliq atmosfera ifloslanishi
Hafta boshlarida yirik shaharlarda havoning tabiiy ifloslanishi bilan bogʻliq vaziyat u qadar yuqori emas. 21 yanvar kuni choʻl va ba'zi hududlarda kutilayotgan kuchli shamol hodisalari havoda mayda zarrachalar ortishiga qulay sharoit yaratishi mumkin.
Payshanba va juma kunlari esa antitsiklon chekkasi ta'sirida quyosh botishi va chiqishidan keyingi muddatlarda respublikada havo ifloslanishi biroz ortishi kutiladi. Bu kunlarda poytaxt havosi ifloslanishi darajasida ham ijobiy boʻlmagan vaziyat kuzatilishi mumkin.
Havoda mayda zarrachalar bilan bogʻliq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, 20 yanvardan 26 yanvargacha boʻlgan etti kunlikda ob-havo boʻyicha eng qulay kunlar dushanba, shanba va yakshanba boʻlib, iqlimiy oʻzgarishlarga moyil koʻpchilik shu kunlarda oʻzini nisbatan yengilroq his qilishi kutilyapti.
Manba: Gazeta.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar