Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 yanvar kuni parrandachilikni rivojlantirish va yaylovlardan samarali foydalanish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Bu tarmoqlar aholini oziq-ovqat xavfsizligi va arzonligini ta'minlashda muhim oʻrin tutadi. Soʻnggi yillardagi sharoitlar va loyihalar natijasida mahsuldorlik izchil oshib bormoqda. Bu sur'atni davom ettirib, joriy yilda 1 million tonna parranda goʻshti, 10 milliard 500 million dona tuxum etishtirish moʻljallangan. Eksportni 2 karra oshirib, 180 million dollarga olib chiqish koʻzda tutilgan.
Chorvachilikda 1 ming 350 ta loyihani ishga tushirib, 3 million 200 ming tonna goʻsht etishtirish, 13 million tonnadan ziyod sut olib, uning 30 foizini sanoat usulida qayta ishlash hisob-kitob qilingan.
Taqdimotda ushbu koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Masalan, yurtimizda goʻsht yoʻnalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasini tashkil qilish boshlangan. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda endi buni tuxumchilik boʻyicha ham yoʻlga qoʻyish moʻljallanmoqda.
Parrandachilik kooperatsiyasi boʻyicha Andijon, Namangan, Samarqand va Xorazmda yaxshi tajribalar bor. Bunda ham odamlar daromad topayapti, ham parrandachilik korxonalarining ishi yurishayapti.
Masalan, Qoʻshrabot tumanidagi “Etti xazina” korxonasi xonadonlarga emlangan tovuq, qafas va em tarqatib, tuxumini oʻzi sotib olayapti.
Bunday loyihalarni barcha viloyatlarda qilib, mahsulot va ish oʻrinlarini koʻpaytirish zarurligi ta'kidlandi. Bunga 50 million dollar yoʻnaltirilishi belgilandi.
Vaqtincha toʻxtab qolgan yoki kam quvvatda ishlayotgan parrandachilik korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirib, faoliyatini yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Xalq rizq-roʻzining yana bir katta manbai – yaylovlar. Lekin ularning deyarli yarmidan foydalanilmayapti. Negaki yaylov oʻsimliklari urugʻchiligi rivojlanmagan, suv inshootlari va quduqlar etishmaydi. Bunday maydonlarning xaritasi va ijarasi raqamlashtirilmagan.
Shu bois yaylovlarni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tizimiga oʻtkazish taklif etilmoqda. “E-yaylov” elektron xaritasi ishlab chiqilib, har bir maydon ushbu tizimga kiritiladi. Unda chorva, ekin yoki geologiyaga moʻljallangan joylar aniq namoyon boʻladi.
Bunday maydonlar eng koʻp boʻlgan 7 ta viloyatda yaylov xoʻjaliklari tashkil qilinadi. Ular oʻrmon xoʻjaliklari kabi yaylovlarni asrash va samarali foydalanishga mas'ul boʻladi. Yaylov xoʻjaliklaridagi erlar auktsion orqali chorva boqish, pista, bodom kabi koʻchatlarni ekish uchun aholiga 30 yilga ijaraga beriladi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma'qullab, yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish, qoʻshimcha quduqlar qazish va yaylov urugʻchiligini tashkil qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Bu yil 500 ming gektar yaylovda 1 million bosh qoʻyni tartibli boqish boʻyicha namunaviy loyiha amalga oshirilishi aytildi.
Chorvachilik va parrandachilik korxonalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Yangi loyihalar va kooperatsiya hisobiga aholi bandligini oshirib, kambagʻallikni qisqartirish muhimligi ta'kidlandi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar