09:47 / 22.01.2025
35

Oʻzbekistonda Yaponiya universiteti ochilishi mumkin

Oʻzbekistonda Yaponiya universiteti ochilishi mumkin
Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ushbu etakchi xorijiy moliya instituti bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish masalalari koʻrib chiqildi.

Mamlakat etakchisi JICA rahbarining bu galgi tashrifi iqtisodiy va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishini qayd etdi. Agentlikning Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlashda strategik hamkor sifatidagi oʻrni qayd etildi.

Bugungi kunda energetika, transport, qishloq va suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, ta'lim va boshqa yoʻnalishlardagi qoʻshma loyihalar portfeli 8 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. Oʻtgan yili hamkorlik boʻyicha uch yillik dastur qabul qilingan edi.

Oʻzbekiston-Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi va Yoshlar innovatsiya markazi samarali faoliyat yuritmoqda.

Agentlik orqali 2,5 mingdan ortiq oʻzbekistonlik mutaxassis Yaponiyada oʻqidi va amaliyot oʻtadi. Ushbu mamlakatdan kelgan koʻngillilar Oʻzbekistonda muhim ijtimoiy va gumanitar loyihalarni amalga oshirishga hissa qoʻshmoqda.

Bundan tashqari, kuni kecha Toshkent shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash toʻgʻrisida bitim imzolandi.

Oʻzbekiston prezidenti JICAning mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish borasidagi rejalarini qoʻllab-quvvatladi.

Xususiy sektor loyihalarini amalga oshirish, yaponiyalik investorlar uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etish, Yaponiya universitetini ochish, shuningdek, professional ta'lim sohasida hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

"Yoʻl xaritasi" asosida joriy va istiqbolli loyihalarni ilgari surishning yangi mexanizmlarini tatbiq etishga kelishib olindi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston