Yaponiya dunyodagi eng yirik AESni ishga tushirdi: Yadro chiqindilari inqirozi kuchaymoqda

Yaponiya global energetika inqirozi va import qilinadigan resurslarga qaramlikni kamaytirish strategiyasi doirasida dunyodagi eng yirik atom elektr stansiyasi hisoblangan Kashiwazaki-Kariwa obʼyektining 6-reaktorini qayta ishga tushirdi. Ushbu qadam mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim boʻlsa-da, soha mutaxassislari yadroviy chiqindilarni saqlash masalasida jiddiy xavotir bildirmoqda. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, stansiyaning qayta faollashishi Yaponiya atom sanoatidagi eng nozik muammo — ishlatilgan yoqilgʻini utilizatsiya qilish masalasini yana kun tartibiga chiqardi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kashiwazaki-Kariwa stansiyasining operatori Tokyo Electric Power Company Holdings (TEPCO) kompaniyasi 2011-yildagi Fukusima-1 fojiasidan soʻng joriy etilgan milliy moratoriy sababli obʼyekt faoliyatini toʻxtatgan edi. Endilikda 6-reaktorda filtratsiya tizimlari va vodorod portlashidan himoya qiluvchi qoʻshimcha xavfsizlik choralari oʻrnatildi. Shunga qaramay, stansiya bosh menejeri Takeyuki Inagaki yoqilgʻi bilan ishlashning barqaror rejasi boʻlmasa, elektr energiyasi ishlab chiqarish ertami-kechmi baribir toʻxtab qolishidan ogohlantirdi.
Chiqindi omborlarining toʻlib borishi
Yaponiya elektr energetika kompaniyalari federatsiyasi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatdagi kamida uchta atom stansiyasining yoqilgʻi saqlash havzalari yaqin besh yil ichida toʻliq toʻlib boʻladi. Kashiwazaki-Kariwa stansiyasining oʻzida 6-reaktor havzasining toʻlish darajasi allaqachon 88 foizga yetgan. Bu esa yangi yoqilgʻi elementlarini joylashtirish uchun joy qolmayotganidan dalolat beradi.Yaponiya hukumati hozirda ushbu muammoni hal qilishning ikki yoʻlini koʻrib chiqmoqda: ishlatilgan yoqilgʻini qayta ishlab, undan plutoniy va uranni qayta ajratib olish yoki ularni toʻgʻridan-toʻgʻri chiqindi sifatida koʻmish. Rasmiy Tokio resurslar cheklanganligi sababli qayta ishlash variantiga urgʻu bermoqda, biroq bu texnologiya hali toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan. Natijada mamlakatda minglab yadroviy kallaklar yasashga yetadigan katta miqdordagi plutoniy zaxirasi toʻplanib qolgan.
Tinch okeanidagi uzoq orol varianti
Vaziyatdan chiqish uchun Yaponiya hukumati Tokiodan qariyb 2000 kilometr janubda joylashgan, doimiy aholisi boʻlmagan Minamitorishima orolida doimiy chiqindixonasini tashkil etish imkoniyatini oʻrganmoqda. Biroq, bu tashabbus ekspertlar va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Ularning fikricha, bunday uzoq va borish qiyin boʻlgan hududni tanlash texnik emas, balki koʻproq siyosiy qarordir.Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi taqdim etgan raqamlar sohadagi inqiroz koʻlamini yaqqol koʻrsatadi:
- 2025-yil dekabr holatiga koʻra, 17 ta atom stansiyasida 17 ming tonnadan ortiq ishlatilgan yoqilgʻi toʻplangan;
- Mavjud omborlarning umumiy sigʻimi 80 foizdan ortiq darajada band qilingan;
- Mamlakatdagi 54 ta reaktordan hozircha faqat 15 tasi oʻz faoliyatini tiklagan.






























Izohlar 0
…