2025 yilning 1 yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonning doimiy aholisi soni 37 mln 543 ming nafarga etgan. Bu haqda Statistika agentligi ma'lum qildi.
Umumiy aholining 50,4 foizini erkaklar, 49,6 foizini esa ayollar tashkil qilgan.
Joriy yil 1 yanvar holatiga 1 kvadrat kilometrga oʻrtacha 83,6 kishi toʻgʻri kelgan. Hududlar boʻyicha qaraydigan boʻlsak, aholi zichligining eng yuqori koʻrsatkichi Toshkent shahri (6 ming 948,1 kishi), Andijon (804,9 kishi) va Fargʻona viloyatida (613,1 kishi), eng past koʻrsatkichlar Navoiy viloyati (9,9 kishi) va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (12,2 kishi) qayd etilgan.
Oʻtgan yilda Oʻzbekistonda 926,4 ming nafar tugʻilish qayd etilgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davrida 962 ming kishini tashkil etgan. Hisobot davrida tugʻilishlar soni 3,7 foizga qisqargan.
Eng yuqori tugʻilish koʻrsatkichi Surxondaryoda, lekin tugʻilish koeffitsiyenti 30,9 promilledan 28,9 promillega tushgan. Tugʻilish koʻrsatkichi eng past hudud Qoraqalpogʻiston, tugʻilish koefffitsiyenti 22,1 promilledan 20,7 promillegacha sekinlashgan.
Mamlakatda oʻlim holatlari ham oʻtgan yilga nisbatan koʻpaygan. 2024 yilda vafot etganlar soni 174,4 ming kishini tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2023 yilda 172,8 ming kishi olamdan oʻtgan.
Ma'lum boʻlishicha, vafot etganlarning oʻlimiga asosan qon aylanish tizimi kasalliklari (57,6 foiz), oʻsimtalar (9,4 foiz), nafas olish organlari kasalliklari (6,3 foiz), baxtsiz hodisalar (5,8 foiz), ovqat hazm qilish organlari (4,1 foiz) kasalliklari sabab boʻlgan.
Hisobot davrida 271,8 mingta nikoh qayd etilgan. Bu soʻnggi 10 yillikdagi eng past koʻrsatkich. Shu davr ichida nikohdan oʻtgan ayollarning oʻrtacha yoshi 22,3 da, erkaklarniki esa 27,1 da boʻlgan.
Oʻtgan yilda ajrimlar soni 45,1 mingtani tashkil etgan. Bu 2023 yilga nisbatan 4,1 mingtaga kam boʻlsa-da, 2020 yilga nisbatan 16,9 mingtaga yoki 59,9 foizga koʻp. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar