
Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati noqonuniy muhojirlarni vatanlariga qaytarish bo‘yicha tarixiy operatsiyada O‘zbekistonning ko‘rsatgan ko‘magi uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorchilik bildirdi. AQSHning Fox News Digital nashri xabar qilishicha, bu amaliyot doirasida 131 nafar Markaziy Osiyo mamlakati fuqarolari O‘zbekiston tomonidan to‘liq moliyalashtirilgan maxsus charter reysi orqali vatanlariga yuborilgan.
«Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasida erishilgan kelishuvga ko‘ra, chorshanba kuni 100 dan ortiq noqonuniy muhojirlarni ortgan maxsus reys O‘zbekistonga uchib ketdi. Ularning o‘z vataniga qaytishi bilan bog‘liq barcha moliyaviy xarajatlar O‘zbekiston hukumati tomonidan qoplanmoqda. Bu Donald Tramp prezidentlikka kirishganidan beri ilk marta xorijiy davlat bilan amalga oshirilgan bunday hamkorlik hisoblanadi», – deb xabar beradi Fox News nashri.
Amerika Qo‘shma Shtatlari ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem mazkur operatsiyada shaxsan rahbarlik qilgan O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga alohida e’tirof bilan murojaat qildi:
«Biz 131 nafar noqonuniy muhojirni o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha samolyot jo‘natish amaliyotini shaxsan tashabbus bilan amalga oshirgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildiramiz. Bu kabi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasida xavfsizlikni ta’minlash va qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lidagi yaqin aloqalarning yorqin namunasidir. Biz bundan keyin ham O‘zbekiston bilan mustahkam hamkorlik qilishni sabrsizlik bilan kutamiz», – deya qayd etdi AQSH vaziri.
Manbada alohida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tomonidan to‘liq moliyalashtirilgan bu repatriatsiya jarayoni ikki davlat o‘rtasidagi chuqur xavfsizlik hamkorligini, AQSH va uning ittifoqdoshlari uchun muhim vazifalardan biri ekanini yana bir bor isbotlagan.
Shu bilan birga, Fox News nashriga ko‘ra, bu operatsiya boshqa davlatlar bilan AQSHning migratsiya masalalarida hamkorlik qilish imkoniyatlari va yo‘llarini ko‘rsatib beradigan namunaviy holat bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Aytilishicha, bu natijaga erishish uchun AQSH Davlat departamenti, Ichki xavfsizlik vazirligi, Oq uy, Milliy xavfsizlik kengashi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida bir necha oy davomida diplomatik muzokaralar olib borilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi avvalroq, 30 aprel kuni ikki tomonlama kelishuv asosida AQSH hududida noqonuniy ravishda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni mamlakatga qaytarish uchun Nyu York—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reys tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.
Qayd etilishicha, mazkur operatsiya viza tartibini buzgan yoki AQSHda qonuniy yashash muddati tugagan fuqarolarni mamlakatga qaytarishga qaratilgan bo‘lib, insonparvarlik hamda huquqiy tamoyillarga to‘liq muvofiq holda amalga oshirilgan. Tashqi ishlar vazirligi vakillari fuqarolarning xavfsiz va munosib sharoitlarda O‘zbekistonga qaytarilishi ta’minlanishini ta’kidlashgan edi.
Amerika Qo‘shma ShtatlariO‘zbekiston RespublikasiShavkat Mirziyoyevnoqonuniy muhojirlartarixiy operatsiyaxavfsizlik hamkorligi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar