
O‘zbekistonda hafta oxirigacha asosan quruq va juda issiq ob-havo hukmron bo‘ladi. Bu haqda mamlakatning Gidrometeorologiya xizmati («O‘zgidromet») ma’lum qildi.
Meteorologlarning ta’kidlashicha, respublika hududi bo‘yicha 12–16 may kunlari asosan kam bulutli va quyoshli havo kuzatiladi. Faqat ayrim tog‘li tumanlarda 12 va 13 may kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Haftaning boshidagi havo harorati ham yozgi kayfiyatni esga soladi: dushanba kuni mamlakatning ko‘p qismida havo +32…+35 daraja atrofida bo‘ladi. Shimoliy viloyatlar, janubiy hududlar hamda cho‘lli mintaqalarda esa harorat yanada yuqori – +37…+39 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Seshanba kunidan e’tiboran mamlakat hududiga juda issiq havo oqimi kirib kelishi kuchayadi va hafta davomida havo harorati tobora oshib boradi. Ish haftasining oxiriga kelib, kunduzgi vaqtlarda respublika bo‘ylab harorat +37…+40 darajaga, ayrim hududlarda esa hatto +41…+42 darajagacha yetishi prognoz qilinmoqda.
Mazkur davrda shimoliy va cho‘lli hududlarda kuchli shamolning tezligi soatiga 15–18 metrgacha yetishi ehtimolli bo‘lib, bu esa ayrim joylarda chang-to‘zon bo‘ronlari bilan birga kuzatilishi mumkin.
Poytaxt Toshkent shahrida esa, Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo asosan ochiq va quyoshli bo‘lib turadi, shamol esa sharq tomondan soatiga 3–8 metr tezlik bilan esadi.
Toshkentda havo harorati kundan-kunga ko‘tarilib boradi: 12 may kuni kunduzi +33…+35 daraja bo‘lsa, 13−14 may kunlari +35…+38 daraja, 15−16 may kunlari esa hatto +38…+41 darajagacha isiydi. Kechalari ham harorat past bo‘lmaydi: +19…+21 darajadan boshlanib, hafta so‘ngida +23…+25 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Mutaxassislar aholiga kunning eng issiq vaqtida bevosita quyosh ostida yurmaslikni, ko‘proq suv iste’mol qilishni hamda salqin joylarda bo‘lishni tavsiya etmoqda.
Zamin.uz tahririyati ob-havo haqidagi ma’lumotlarni muntazam kuzatib, sizni tezkor yangiliklar bilan ta’minlab turadi. Ehtiyot bo‘ling va sog‘lig‘ingizni asrang! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar