
O‘zbekiston ta’lim tizimida xalqaro hamkorlik yo‘nalishida muhim qadam tashlandi — kelgusi yillarda mamlakat maktablarida 500 nafardan ziyod Britaniyalik o‘qituvchi faoliyat yuritishi kutilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasman ma’lum qildi.
Vazir Hilola Umarova yaqinda Londonda bo‘lib, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi hamda Buyuk Britaniyada ta’lim sohasidagi yetakchi tashkilotlar bilan muzokaralar olib bordi. Mazkur tashrif doirasida Birlashgan Qirollikning nufuzli VSO (Volunteers Services Overseas) tashkiloti bilan ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.
Kelishuvga ko‘ra, 500 nafardan ortiq Buyuk Britaniya fuqarosi — malakali mutaxassis va volontyorlar O‘zbekiston maktablarida dars o‘tadi. Ularning bilim va tajribasi mahalliy o‘qituvchilar malakasini oshirish, zamonaviy ta’lim usullarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Hozirning o‘zida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda. Joriy haftada ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturiga imzo qo‘ydi. Buyuk Britaniya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Shuningdek, Britaniya konsorsiumi O‘zbekistondagi infratuzilma va energetika sohasidagi yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda.
Zamin.uz tahririyati ta’lim sohasidagi bunday xalqaro hamkorliklar mamlakatimizdagi bilim sifatini yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonadi. Sizcha, bunday tashabbuslar qanday ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar