
Milliy statistika qo‘mitasi mamlakatimiz aholisining salomatligi va hayot sifatiga oid yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024 yilda tug‘ilishda kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi 75,1 yoshga yetgani ma’lum bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yillarga qaraganda sezilarli darajada yaxshilanganini anglatadi va mamlakatimiz aholisining hayot sharoitlari, tibbiyot xizmati sifati hamda umumiy farovonlik darajasi yaxshilanib borayotganidan dalolatdir.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonda tug‘ilishda kutilayotgan umr ko‘rish ko‘rsatkichlari oxirgi uch o‘n yillikda izchil o‘sib bormoqda. Masalan, mamlakat mustaqilligining ilk yillarida, 1991 yilda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 66,4 yosh bo‘lgan edi. 1995 yilga kelib esa bu raqam sezilarli darajada ortib, 69,1 yoshni tashkil qildi. XXI asr boshida, 2000 yilda 70,8 yosh, 2005 yilga borib 71,8 yoshgacha ko‘tarildi.
Hayot davomiyligining izchil o‘sishi tendensiyasi keyingi yillarda ham davom etgan. 2010 yilga kelib umr ko‘rish davomiyligi 73 yoshni tashkil etdi, 2015 yilda esa 73,6 yoshga yetdi. Qizig‘i, 2020 yilda pandemiya tufayli dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkichlarda pasayish kuzatilganiga qaramay, O‘zbekistonda faqatgina kichik bir pasayish kuzatilib, 73,4 yoshni tashkil qilgan edi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatimizda hayot sifati va sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, zamonaviy tibbiy xizmatlarga fuqarolarning qulaylik bilan erishishi, sog‘lom turmush tarzining ommalashuvi va aholi orasida profilaktika tadbirlarining keng joriy qilinishi ushbu ijobiy natijalarning asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.
Tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari kelgusi yillarda ham ushbu ko‘rsatkichlarning yanada yaxshilanishini prognoz qilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion tibbiy usullarning amaliyotga keng tatbiq etilishi bilan birga, aholi orasida sog‘liq madaniyatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli dasturlar bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda umr ko‘rish ko‘rsatkichining bunchalik tez sur’atlarda o‘sib borishi nafaqat mamlakat aholisining salomatligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar samarasini ko‘rsatadi, balki butun xalqimiz uchun umidbaxsh kelajak sari tashlangan yana bir muhim qadamdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar