
Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics and Peace) tomonidan har yili tuziladigan Global Peace Index – 2025 yilgi xalqaro reyting e’lon qilindi. Ushbu tahlilda 163 davlat tinchlik va xavfsizlik darajasi bo‘yicha baholandi va O‘zbekiston 1,96 ball bilan 60-o‘rinni egallab, reytingning kuchli yarmiga kirdi.
Bu global indeksda mamlakatlar 23 ta sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlar asosida baholanadi. Ular orasida jinoyatchilik darajasi, ichki va tashqi mojarolar, siyosiy barqarorlik, qurollanish ko‘lami, mudofaa xarajatlari va huquq-tartibot tizimining samaradorligi kabi omillar mavjud.
Reyting shkalasi 1 dan 5 gacha bo‘lib, past ball ko‘rsatgan mamlakat tinch va barqaror deb baholanadi. O‘zbekistonning 1,96 ballik ko‘rsatkichi mamlakatdagi xavfsizlik muhiti, ichki barqarorlik va jinoyatchilik darajasining nisbatan pastligini aks ettiradi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida qaysi o‘rinda turibmiz?
Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida O‘zbekiston ikkinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘iston 59-o‘rin bilan mintaqadagi eng yaxshi natijani ko‘rsatdi. Qolgan davlatlar esa quyidagicha joylashdi:
- Tojikiston — 72-o‘rin
- Qirg‘iziston — 78-o‘rin
- Turkmaniston — 83-o‘rin
Bu ko‘rsatkichlar mintaqadagi tinchlik va barqarorlik tendensiyalarini baholashda muhim asos bo‘la oladi. Har bir davlatning ijtimoiy-siyosiy muhiti va xavfsizlik siyosati ushbu natijalarda o‘z aksini topgan.
Postsovet hududida so‘nggi o‘zgarishlar
Reytingda Armaniston, Ozarbayjon va Gruziya kabi mamlakatlarda pasayish kuzatildi. Xususan:
- Armaniston — 66-dan 77-o‘ringa
- Ozarboyjon — 95-dan 106-o‘ringa
- Gruziya — 94-dan 100-o‘ringa
Rossiya va Ukraina esa qurolli mojarolar tufayli reytingning eng quyi qatorida joylashdi. Rossiya 156-o‘rinda, Ukraina esa 159-o‘rinda qayd etildi.
Dunyodagi eng xavfsiz mamlakatlar
2025 yilgi GPI reytingining kuchli beshligi quyidagicha shakllangan:
1. Islandiya
2. Irlandiya
3. Avstriya
4. Yangi Zelandiya
5. Singapur
Ushbu davlatlar xavfsizlikning yuqori darajasi, jinoyatchilikning pastligi, samarali davlat boshqaruvi va tashqi siyosiy barqarorlik bilan ajralib turadi.
Global tinchlik darajasida pasayish qayd etildi
Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, 2024 yil davomida jahon bo‘ylab tinchlikning umumiy holati 0,56% ga yomonlashgan. 97 ta davlatda harbiy texnologiyalarning rivoji, siyosiy va iqtisodiy inqirozlar, ichki mojarolar hamda geosiyosiy ziddiyatlar kuchaygan.
Xulosa o‘rnida
O‘zbekistonning 60-o‘rindan joy olishi – bu so‘nggi yillardagi islohotlar, huquq-tartibot sohasidagi mustahkam qadamlar va xavfsizlik strategiyalarining samarasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu natija nafaqat mamlakatimizdagi tinch va barqaror muhitni, balki xalqaro maydondagi imijimizning ham musbat tomonga o‘zgarib borayotganini anglatadi.
Tinchlik – taraqqiyot poydevori. Demak, O‘zbekiston tinchlik reytingida yuqori pog‘ona sari dadil odim tashlamoqda! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar