date
views 27 397

O‘zbekistonga yomg‘ir va momaqaldiroq bilan salqin havo yaqinlashmoqda!

O‘zbekistonga yomg‘ir va momaqaldiroq bilan salqin havo yaqinlashmoqda!
O‘zbekiston hududi bo‘ylab 6—7 iyun kunlari yoz fasli uchun xos bo‘lmagan, nisbatan salqin va nam havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» markazi mutaxassislari ma’lumot tarqatdi.

Ertadan boshlab, birinchi navbatda mamlakatimizning shimoliy va g‘arbiy hududlari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida havo keskin o‘zgaradi. Bu yerlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq va kuchli shamol kuzatilishi mumkin.

7 iyun kuni esa salqin havo to‘lqini Toshkent shahri va viloyati, Surxondaryo hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarini qamrab oladi. Mahalliy hududlarda yog‘ingarchilik kuzatiladi, momaqaldiroqli ob-havo bilan birga shamolning tezligi ham kuchayishi ehtimoli mavjud.

Harorat ko‘rsatkichlari mamlakatimiz bo‘ylab sezilarli darajada pasayadi. 6 iyunda shimoliy va janubiy hududlarda, shuningdek, cho‘l zonalarida harorat kunduzi 28-33 darajagacha, yomg‘ir paytida esa 25-27 darajagacha tushishi kutilmoqda. 7 iyunda esa markaziy va sharqiy viloyatlarda ham havo harorati shu ko‘rsatkichlarga tushadi.

8 iyun kuni yog‘ingarchilik butun respublika bo‘ylab tugaydi va havo yana isiy boshlaydi, harorat o‘rtacha 2-3 darajaga ko‘tariladi. Mamlakatimiz bo‘ylab bu kunlarda shamol tezligi ba’zi joylarda 13-18 metr/sekundgacha, ayrim hududlarda esa 20-22 metr/sekundgacha yetishi mumkin, bu holatlar chang-to‘zon bilan kuzatiladi.

Poytaxtimiz Toshkent shahrida 6 iyunda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, havo o‘zgarib turadi va kunduzi harorat 33 daraja atrofida bo‘ladi. 7 iyunda esa qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatiladi, shuningdek, harorat 27-29 darajaga tushadi. 8 iyundan esa poytaxtda yana yog‘ingarchiliksiz issiq ob-havo o‘rnatiladi, harorat 33-35 darajaga ko‘tariladi.

Shu sababli fuqarolarimizdan ehtiyotkor bo‘lishlari, kuchli shamol va momaqaldiroq paytida xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlari so‘raladi. Yo‘llarda harakatlanishda ham ehtiyotkorlik talab etiladi.

Obu havoning bu kabi keskin o‘zgarishi organizm uchun noqulay ta’sir ko‘rsatishi mumkin, shu sababli sog‘lig‘ingizni ehtiyot qiling va meteoogohlantirishlarga doimo amal qiling!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonga yomg‘ir va momaqaldiroq bilan salqin havo yaqinlashmoqda!