
O‘zbekistondagi yirik aloqa operatorlaridan biri — Mobiuz (Universal Mobile Systems) kompaniyasi xususiylashtirishga tayyorlanmoqda. 2025- yil 9- iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan kompaniyaning 100 foiz davlat ulushi sotuvga qo‘yilgani rasman e’lon qilindi. Bu voqea mamlakat iqtisodiy islohotlarining yana bir muhim bosqichi sifatida baholanmoqda.
Mazkur jarayonni xalqaro standartlar asosida ochiq va samarali tashkil etish maqsadida dunyoda o‘z obro‘siga ega bir qator kompaniyalar jalb etildi. Rothschild & Co xalqaro investitsiya banki — yetakchi strategik va moliyaviy konsultant sifatida faoliyat yuritadi. Unga KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi moliyaviy masalalar bo‘yicha yordam beradi. Shu bilan birga, Deloitte kompaniyasi moliyaviy, soliq va yuridik ekspertiza hamda mustaqil baholash bo‘yicha mas’ul etib belgilandi.
Xususiylashtirish jarayoni ochiq va shaffof raqobat asosida amalga oshiriladi. Unda nafaqat mahalliy, balki xalqaro investorlar ham ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa raqobatni kuchaytirib, kompaniyaning haqiqiy bozor qiymatini belgilashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumki, Mobiuz mamlakat mobil aloqa bozorida muhim o‘rin egallab kelayotgan operatorlardan biri bo‘lib, keng qamrovli tarmog‘i va faol abonentlar soni bilan ajralib turadi. Uning xususiy sektorga o‘tishi sohadagi raqobatni yanada kuchaytirishi va xizmatlar sifatini yaxshilashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bu O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan yirik xususiylashtirish dasturining navbatdagi bosqichidir. Davlat iqtisodiyotini liberallashtirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan.
Hozirdanoq bozor e’tiborida turgan Mobiuz — yaqin orada yangi egasi bilan qanday yuz tutadi? Kutilayotgan raqobat bu ulushning narxini qanchalik oshiradi? Bu kabi savollar yaqin kunlarda javobini topishi kutilayapti. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar