
2025-yil 1-avgustdan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab chiqindi xizmatlari uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagan abonentlarga elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Bu yangi tartib, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun to‘lov intizomini kuchaytirish maqsadida, 2025-yil 7-martda qabul qilingan 1044-sonli Qonunga asosan joriy etilmoqda.
Yangi tizimga muvofiq, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Toza makon” elektron billing tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi. Shundan so‘ng, 5-sanasigacha qarzdor abonentlarga “2100” qisqa raqam orqali SMS xabarnoma yuboriladi.
Abonentlarga qarzdorlikni bartaraf etish uchun ogohlantirish yuborilganidan so‘ng 5 kunlik qo‘shimcha muddat beriladi. Agar ushbu muddat ichida to‘lov amalga oshirilmasa, elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati avtomatik tarzda vaqtinchalik cheklanadi. Biroq, qarzdorlik bartaraf etilishi bilan mazkur cheklov ham avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Mazkur chora faqat 2025-yil 1-iyulidan boshlab shakllangan chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorliklarga nisbatan qo‘llaniladi. 2025-yil 30-iyungacha bo‘lgan qarzdorliklar esa ushbu tartib doirasiga kiritilmaydi.
Sanitar tozalash korxonalari chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni hisoblashda aniqlik va haqqoniylikka javobgardir. Agar xizmatlar belgilangan muddatda va kerakli sifatda ko‘rsatilmagan bo‘lsa, abonentlar ko‘rsatilmagan kunlar uchun hisoblangan to‘lovlar bo‘yicha qayta hisob-kitob qilishni talab qilish huquqiga ega.
Aholi chiqindi xizmatlari sifati yoki hisob-kitob bo‘yicha e’tiroz va takliflarga ega bo‘lsa, “Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi”ning 1205 qisqa raqamiga 24/7 rejimda murojaat qilishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar